Logo

Dunyo bo‘ylab iftorliklar: Ramazon oyida xorijdagi vatandoshlar alohida qo‘llab quvvatlandi

Mart 19, 2026. 20:03 • 4 daq

59
Dunyo bo‘ylab iftorliklar: Ramazon oyida xorijdagi vatandoshlar alohida qo‘llab quvvatlandi

TOSHKENT, 19-mart. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning xorijdagi elchixona va konsullik idoralari tomonidan chet elda mehnat qilayotgan o‘zbekistonliklar uchun muqaddas Ramazon oyi munosabati bilan ko‘plab saxovat tadbirlari tashkil etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari va hukumatimiz tomonidan “Mehr-shafqat, bag‘rikenglik va saxovat oyi” doirasida o‘tkazilgan maʼnaviy-maʼrifiy uchrashuvlar va iftorliklar vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga milliy-diniy qadriyatlarni yetkazish maqsadida tashkil etildi.

Mamlakatimiz fuqarolari dunyoning qaysi burchagida bo‘lmasin, ularning haq-huquqlari va manfaatlariga davlat siyosati darajasida qaraladi. Dunyo bo‘ylab o‘tkazilgan iftorliklarda ham yurtdoshlarmizga doimo vatan ko‘magi va qarmog‘ida ekani taʼkidlandi. Amerika, Yevropa, Osiyo, umuman, jahonning qaysi mintaqasi bo‘lmasin, vatandoshlar uchun iftorlik tadbirlari yuksak saviyada tashkil etildi.

Shu o‘rinda muqaddas Ramazon oyining so‘nggi kunlarida o‘tkazilgan iftorliklarga qisqacha to‘xtalib o‘tsak: 

Turkiyaning Istanbul shahrida joylashgan “Kolyon Holding” qurilish kompaniyasida mehnat qilayotgan 150 nafardan ortiq vatandoshlar uchun Ramazon oyi munosabati iftorlik dasturxoni yozildi. Bu hamyurtlarimiz ayni paytda dunyodagi eng katta aeroportlardan biri bo‘lgan Istanbul xalqaro aeroportida ishlamoqda.

Muborak Ramazon oyi munosabati bilan Misrdagi O‘zbekiston elchixonasi muhtoj yurtdoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan xayriya aksiyasi tashkil etdi.

Tadbir doirasida kam taʼminlangan oilalar va talabalar uchun maxsus Ramazon oziq-ovqat qutilari tayyorlandi. Ushbu aksiya O‘zbekiston Hukumati tashabbusi bilan o‘tkazilib, muborak oyda mehr-shafqat va o‘zaro yordam tamoyillarini namoyon etishga qaratildi. Aksiya doirasida iftorlik va saharlik uchun zarur bo‘lgan asosiy mahsulotlarni o‘z ichiga olgan jami 200 ta Ramazon qutisi tarqatildi.

Shanxaydan 300 km uzoqlikda joylashgan Iu shahrida istiqomat qilib kelayotgan vatandoshlarimiz uchun iftorlikda mazkur shahar va unga yaqin hududlarda mehnat faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan 30 nafardan ortiq vatandosh qatnashdi.

Aytish lozimki, Rossiyada ko‘plab vatandoshlarimiz mehnat qiladi. Shu bois, yurtdoshlarni rus zaminidagi hamyurtlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga milliy-diniy qadriyatlarni yetkazish maqsadida ko‘plab hududlarda madaniy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etilib, iftorlik dasturxonlari yozildi. Tashkil etilgan iftorliklarda imkon qadar ko‘proq yurtdoshlarni jalb etishga harakat qilindi.

Xabarovsk shahridagi “Rohat” restoranida bo‘lib o‘tgan iftorlikda ushbu o‘lkada mehnat faoliyatini amalga oshirib kelayotgan 250 nafardan ortiq hamyurtlarimiz qatnashdi.

O‘zbekistonning Qozon shahridagi bosh konsulxona ko‘magida Ufa shahridagi 120 nafardan ortiq vatandoshlar uchun iftorlik tashkil etildi. Ushbu xayrli tadbir “Yevroosiyo” o‘zbek milliy-madaniy markazi hamkorligida o‘tkazildi.

Rostov-Don shahridagi Bosh konsulxona diplomatlari tomonidan Krasnodardagi o‘zbek choyxonasida o‘tkazilgan iftorlikda esa 50 nafardan ortiq yurtdoshimiz bir dasturxon atrofida birlashdi.

Uchrashuvda vatandoshlarimiz Prezidentimizning “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyati, muhtoj va ehtiyojmand oilalarga ko‘mak berish, yoshlarni turli buzg‘unchi g‘oyalar taʼsiridan asrash kabi masalalarda fikr almashdi.

O‘zbekistonning Novosibirsk shahridagi bosh konsulxonasi mehr-shafqat, bag‘rikenglik va saxovat oyi doirasida Rossiyaning ushbu mintaqasida og‘ir moddiy ahvolga tushib qolgan, kam taʼminlangan va muhtoj vatandoshlarga ko‘maklashishga qaratilgan xayriya aksiyasini o‘tkazdi. Xayriya tadbiri doirasida to‘rt nafar vatandoshimizga tovuq, un, guruch, makaron, kungaboqar yog‘i, shakar, tuxum, bolalar uchun shirinliklar va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari topshirildi.

Yekaterinburg shahridagi bosh konsulxona tashabbusi hamda homiy vatandoshlar ko‘magida ushbu hududda qurilish sohasida faoliyat yurituvchi “Jilstroy” MCHJda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirib kelayotgan yuz nafardan ortiq hamyurtlarimiz uchun iftorlik dasturxoni yozildi.

Ushbu saxovat tadbirida Toshkent shahridagi “Baland” jome masjidi imom-xatibi Aʼzamjon Ergashev maʼruza qilib, muborak Ramazon oyida qilinadigan ibodat va duolar, ehson va amallar haqida so‘z yuritdi, muqaddas dinimizning insonparvarlik mohiyati borasida to‘xtalib o‘tdi.

Sankt-Peterburg shahridagi Bosh konsulxona tomonidan “Baltiyskiy bereg” korxonasida o‘tkazilgan iftorlik ham yuksak saviyada tashkil etildi. Ushbu xayrli tadbirda mazkur korxonada ishlayotgan 120 nafardan ortiq hamyurtimiz ishtirok etdi.

Uchrashuvda qatnashgan Namangan viloyatidagi “Obid qori xoji” masjidi imom-xatibi Ilyosxon Sobitov oylarning sultoni, mehr-shafqat saxovat ramzi bo‘lgan, Qurʼoni karim nozil bo‘lgan Ramazon oyi fazilatlari haqida fikr yuritdi.

Rossiya Federatsiyasining Uzoq Sharq federal okrugiga kiruvchi Xabarovsk, Spassk-Dalniy va Vladivostok shaharlarida ham iftorlik dasturxonlari tashkil etildi.

Vladivostok shahridagi bosh konsulxona tashabbusi bilan hududdagi tadbirkor va faol vatandoshlar homiyligida bo‘lib o‘tgan iftorlik dasturxoniga jami 180 nafardan ortiq vatandoshimiz taklif etildi.

Moskva, Sankt-Peterburg, Tobolsk, Nijniy Novogorod kabi ko‘plab yurtdoshlarmiz ishlaydigan korxonalarda ham iftorlik tadbirlari tashkil etilib, vatandoshlarimiz bir dasturxon atrofida jam bo‘lishdi.

Iftorliklarda ishtirok etgan hamyurtlar bu kabi tadbirlar Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan “Inson qadri uchun” tamoyilining xorijdagi amaliy ifodasi bo‘layotgani, har bir vatandosh o‘z ortida davlatning yuksak eʼtibori va qo‘llab-quvvatlovi borligini his qilishini alohida taʼkidladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish