Yakutiyada yurtdoshlar uchun sayyor konsullik xizmati tashkil etildi
Mart 20, 2026. 11:01 • 2 daq
• 187
YAKUTSK, 24-mart. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Vladivostok shahridagi bosh konsulxonasi hamda Migratsiya agentligi vakillari amaliy tashrif bilan Yakutiyada bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashrif doirasida hududda vaqtincha yoki doimiy yashayotgan, mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston fuqarolari bilan sayyor konsullik qabuli o‘tkazildi.
Xususan, “RusGidro”, “AYSMIL”, “INS”, “Seva”, “JSK”, “RosKapStroy” va “Fatkulina” XK korxonalarida mehnat qilayotgan yurtdoshlar va mazkur tashkilotlar rahbariyati bilan muloqot o‘tkazildi. Suhbat davomida xodimlarning mehnat, yashash va ovqatlanish sharoitlari, ish haqining o‘z vaqtida to‘lanishi masalalari o‘rganildi.
Vatandoshlarga Bosh konsulxona faoliyatining asosiy yo‘nalishlari tushuntirildi. Shu bilan birga, ekstremizm va radikalizmga qarshi kurashishning dolzarb masalalari bo‘yicha tushuncha berildi. Milliy o‘zlikni anglash, oilaviy qadriyatlarga hurmat, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni asrash zarurligi alohida taʼkidlandi.
Ish beruvchilar bilan uchrashuvlar davomida korxona vakillari mavjud bo‘sh ish o‘rinlari haqida maʼlum qilib, qator mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar yetishmovchiligini bartaraf etish maqsadida O‘zbekiston fuqarolarini jalb qilish masalalarini muhokama qildi.
O‘zbekiston Migratsiya agentligi va xususiy bandlik agentliklari bilan hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi. Jumladan, tegishli kelishuvlar loyihalari va zarur hujjatlar ro‘yxati taqdim etildi.
Murojaatlarning katta qismi joyida hal etildi, ayrim masalalar nazoratga olindi, bir qator murojaatlar esa ko‘rib chiqish va huquqiy baho berish uchun Rossiyaning vakolatli organlariga yuborildi.
O‘tkazilgan tadbirlar vatandoshlar bilan aloqalarni mustahkamlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, migratsiya sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi