Logo

Berlinda “Markaziy Osiyo – Germaniya” formatidagi birinchi vazirlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

Fevral 12, 2026. 01:35 • 52 soniya

71
Berlinda “Markaziy Osiyo – Germaniya” formatidagi birinchi vazirlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

TOSHKENT, 12-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov 11-fevral kuni “Markaziy Osiyo – Germaniya” formatidagi birinchi vazirlar uchrashuvida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“Bugun Berlinda “Markaziy Osiyo – Germaniya” formatidagi ilk vazirlar darajasidagi uchrashuvni o‘tkazdik, – deb yozdi O‘zbekiston TIV rahbari o‘zining telegram-kanalida. – Ushbu mexanizm ishga tushirilishini hamkorligimizga yanada tizimli va amaliy tus beradigan muhim bosqich sifatida baholaymiz.

Bugungi kunda Markaziy Osiyo Yevroosiyo yuragida joylashgan, o‘z birligini, iqtisodiy salohiyatini va global rolini izchil mustahkamlab borayotgan dinamik mintaqadir.

Biz investitsiya, texnologiya va savdo sohalaridagi hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish, muhim xomashyolar, “yashil” energetika, iqlim, transport bog‘liqligi va logistika yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish hamda ishbilarmonlik muloqotini chuqurlashtirish zarurligini taʼkidladik.

Bugungi uchrashuv strategik hamkorligimizga yangi surʼat bag‘ishlab, “Markaziy Osiyo – Germaniya” sammitining navbatdagi yig‘ilishi uchun mazmunli natijalar olib kelishiga ishonch bildiramiz.

Vazirlar uchrashuvini yuqori saviyada tashkil etgani uchun tashqi ishlar vaziri Yohann Vadeful janoblari va uning jamoasiga samimiy minnatdorligimizni bildiramiz”.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish