O'zbekiston vakili Ikkinchi jahon urushidagi g'alabaning 80 yilligi munosabati bilan Toshkentdan Moskvagacha velomarafon uyushtirdi
Aprel 30, 2025. 18:48 • 2 daq
• 126
MOSKVA, 30-aprel. /"Dunyo" AA/. O'zbekistonlik opera xonandasi va velosportchi Xursand Sherov Ikkinchi jahon urushidagi g'alabaning 80 yilligiga bag'ishlab Toshkentdan Moskvaga velomarafon tashkil etish tashabbusi bilan chiqdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"Toshkent-Moskva" velopoygasidan ko'zlangan maqsad 3800 kilometr masofani bosib o'tish, muhim tarixiy joylarni ziyorat qilish va 9-may kuni Rossiya poytaxtida o'tkaziladigan bayram tadbirlarida ishtirok etadigan faxriylarga esdalik sovg'alarini topshirishdan iborat.
Toshkentdan velopoygani boshlagan Xursand Sherov o'zi bilan xalqlar do'stligi ramzi sifatida general Sobir Rahimov portretini olib ketdi. Velosipedchi kamzuliga Rossiya va Belorusda ham xotirasi yodga olingan va ulug'langan O'zbekiston qahramonlarining portretlari yopishtirilgan. Qayd etish joizki, velomarafon mart oyi boshida Toshkentda boshlangan bo'lib, yo'lda unga qozog'istonlik Jumabay O'targaliyev va Qayrat Irgizboyev qo'shildi. 27-mart kuni velosipedchilar Bayqo'ng'irga (Qozog'iston) yetib keldi. U yerda poygachilarni shahar ma'muriyati rahbari Konstantin Busigin kutib oldi va "Boyqo'ng'irga 70 yil" esdalik medalini topshirdi.
Velosipedchilar Rossiyaning bir qator shaharlari – Orenburg, Samara, Ulyanovsk, Penza va Ryazanda ham bo'lishdi.
Maksim Gorkiy nomidagi Ryazan viloyat kutubxonasida ushbu shahardagi "Olmaz" o'zbek milliy-madaniy avtonomiyasi faollari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, jamoat tashkilotlari vakillari, shuningdek, talabalar va maktab o'quvchilari velomarafon ishtirokchilarini kutib oldi.
Tadbir ishtirokchilari xalqlar o'rtasidagi do'stlik, tarixiy xotirani asrab-avaylash, avlodlar o'rtasidagi bog'liqlikni ta'minlash muhimligini ta'kidladilar. Yig'ilganlar e'tiboriga Toshkentdagi "G'alaba bog'i" yodgorlik majmuasi haqidagi videorolik namoyish etildi.
Velomarafon ishtirokchilari Ryazan shahrida Ikkinchi jahon urushi qahramonlari xotirasiga atab o'rnatilgan yodgorlik poyiga gul qo'ydilar va Rossiya poytaxti tomon yo'lga chiqdilar. Umumiy uzunligi 3800 kilometr bo'lgan ushbu velomarafon 9-may kuni Moskvadagi Qizil maydonda yakunlanishi rejalashtirilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi