Ikkinchi jahon urushi yillarida Germaniyada halok bo'lgan vatandoshlarimiz xotirasi yodga olindi
May 11, 2025. 12:43 • 2 daq
• 108
BERLIN, 12-may. /"Dunyo" AA/. O'zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi diplopmatlari Berlinda o'tkazilgan Ikkinchi jahon urushida qozonilgan G'alabaning 80 yilligiga bag'ishlangan tadbirda ishtirok etishdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbirda urushda omon qolgan faxriylar, Berlinda joylashgan qator diplomatik vakolatxonalar vakillari hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.
Germaniya poytaxtining Treptov parki va Tirgarten yodgorlik majmuasida 1941-1945-yillarda fashizmga qarshi urushda halok bo'lgan askarlar xotirasiga hurmat bajo keltirildi va noma'lum askar yodgorligi poyiga gul qo'yildi.
Xotirlash marosimi qatnashchilari ushbu tadbirni tashkil etish orqali Ikkinchi jahon urushida halok bo'lganlarni abadiy xotirlash muhim ahamiyatga ega ekanligini ta'kidladilar. Shuningdek, marosimda Qur'on tilovat qilinib, xalqimiz ozodligi uchun jon fido qilgan hamyurtlarimiz haqiga duo qilindi.
Ma'lumki, Ikkinchi jahon urushida erishilgan G'alabaga O'zbekiston xalqi ham frontda, ham front ortida katta hissa qo'shgan. 6,8 milliondan ortiq aholidan 2 millionga yaqin o'zbekistonlik frontga chaqirilgan bo'lsa, ularning 500 mingdan ortig'i beayov janglarda halok bo'lgan. 301 nafar O'zbekiston fuqarosi Qahramon unvoniga, 53 nafari esa "Shon-sharaf" va boshqa ordenlarga sazovor bo'ldi.
Mamlakatimizda front ortida sanoatni evakuatsiya qilish va rekonstruksiya ishlari amalga oshirilgan. Xususan, 430 dan ortiq korxona yurtimizga ko'chirilgan va qayta qurilgan, bu esa frontni harbiy qurol-yarog' bilan ta'minlashda muhim rol o'ynagan.
Bundan tashqari, O'zbekiston frontoldi hududlaridan millionlab evakuatsiya qilinganlarni o'z bag'riga oldi, jumladan, 1,5 milliondan ortiq ayollar, bolalar va qariyalarni qabul qildi.
Evakuatsiya markaziga aylangan Toshkent shahri esa urush yillarida O'zbekiston xalqining mehmondo'stligi va qo'llab-quvvatlashi ramzi sifatida "Non shahri" va "Xalqlar do'stligi shahri" nomini oldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi