«INNOPROM. Markaziy Osiyo»: 2026 yilgi ko‘rgazmadan nimalar kutilmoqda?
Mart 23, 2026. 13:30 • 3 daq
• 165
TOSHKENT, 23-mart. /“Dunyo” AA/. Ertaga Toshkentda 20-22-aprel kunlari bo‘lib o‘tadigan 6-Xalqaro sanoat ko‘rgazmasi - «INNOPROM. Markaziy Osiyo» tadbiriga tayyorgarlik doirasida onlayn-seminar o‘tkaziladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Seminarda Rossiyaning O‘zbekistondagi Savdo vakolatxonasi rahbari o‘rinbosari Igor Kaminin hamda «INNOPROM. Markaziy Osiyo» dasturiy direktori Anton Atrashkin asosiy maʼruzachi sifatida ishtirok etadilar. Tadbir doirasida mintaqadagi eksport-import hamkorligi salohiyati hamda Rossiya ishlab chiqaruvchilarining Markaziy Osiyo bozoridagi afzalliklari muhokama qilinishi rejalashtirilgan.
2026-yilda «INNOPROM. Markaziy Osiyo» ko‘rgazmasi texnologik sheriklik yo‘nalishini davom ettiradi. Tadbirda ishtirok etuvchi Rossiya sanoatining yetakchi kompaniyalari — “TMX”, “Rosatom”, «Arnest Yunirus», “Tatneft”, “KamAZ”, “MMK”, “Rostex”, “Nasproyektstroy” va boshqa yirik industrial gigantlar allaqachon tasdiqlangan. Anʼanaga ko‘ra, eksportchilarni Rossiya eksport markazi (RES) keng ko‘lamda qo‘llab-quvvatlaydi.
Shuningdek, Rossiyaning Moskva shahri, Tatariston va Boshqirdiston respublikalari, Chelyabinsk viloyati kabi hududlari va boshqa subyektlari Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi sheriklar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlab chiqarish zanjirlarini rivojlantirish maqsadida o‘z imkoniyatlarini namoyish etadilar. Ko‘rgazmada O‘zbekiston va Belarus kompaniyalari ham o‘z milliy ekspozitsiyalari bilan ishtirok etishi kutilmoqda.
2026 yilgi ko‘rgazmada sanoatning barcha tarmoqlari uchun zamonaviy texnologiyalar: shahar muhiti va transport tizimlarini rivojlantirish yechimlaridan tortib, murakkab sanoat uskunalari va ishlab chiqarishni avtomatlashtirishgacha bo‘lgan ishlanmalar namoyish etiladi.
Xususan, tashrif buyuruvchilar muhandislik infratuzilmasini nazorat qilishning intellektual tizimi, avtomobil, vertolyot va yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdlar modellari, uchuvchisiz uchish apparatlari, sunʼiy intellektga asoslangan taʼlim dronlari, sanoat ishlari uchun robotlashtirilgan texnikalar, ishlab chiqarish liniyalari uchun mashina ko‘rinishiga asoslangan raqamli platforma, binolarni avtonom energiya bilan taʼminlash tizimi va boshqa ko‘plab innovatsion ishlanmalar bilan tanishishlari mumkin bo‘ladi.
Ishbilarmonlik dasturining asosiy voqeasi 20 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan Bosh yalpi majlis (plenar sessiya) hisoblanadi. Taklif etilgan maʼruzachilar qatorida Rossiya Hukumati Raisining birinchi o‘rinbosari Denis Manturov, O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev, Qozog‘iston sanoat va qurilish vaziri Yersayin Nagaspayev, Qirg‘iziston iqtisodiyot va tijorat vaziri Baqit Sidiqov, Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasining sanoat va agrosanoat majmuasi bo‘yicha Hayʼat aʼzosi (vaziri) Goar Barsegyan, shuningdek, xalqaro delegatsiyalar rahbarlari, sanoat kompaniyalari va tarmoq assotsiatsiyalari mutasaddilari bor.
Tadbirda ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tish jarayoni rasmiy veb-saytda allaqachon boshlangan. Maʼlumot o‘rnida aytish joizki, 2025-yilda mazkur ko‘rgazmaga dunyoning 35 dan ortiq mamlakatidan, jumladan, O‘zbekiston, Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va boshqa davlatlardan 11 ming nafardan ziyod tashrif buyuruvchilar kelgan. O‘z navbatida, 500 dan ortiq eksportchi kompaniyalar o‘zlarining ilg‘or texnologik yechimlarini namoyish etganlar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi