O‘zbekiston va Yaponiya hududlari o‘rtasidagi aloqalar yangi bosqichga ko‘tarilmoqda
Mart 08, 2026. 12:05 • 2 daq
• 57TOKIO, 8-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Muhsinxo‘ja Abdurahmonov boshchiligidagi delegatsiya Kioto prefekturasining Mayzuru shahriga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Safar doirasida Mayzuru shahri meri Akitsu Kamoda, shahar kengashi raisi Ryuji Kimotsuki hamda mahalliy ta’lim muassasalari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston va Yaponiya hududlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, ta’lim, kadrlar tayyorlash, savdo-iqtisodiy, madaniy va gumanitar almashinuvlarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar mavjud aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish va o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Tashrifning muhim tadbirlaridan biri sifatida elchi Mayzuru shahar kengashida nutq so‘zlab, Rishton va Mayzuru shaharlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, xususan ular o‘rtasida rasmiy birodar shaharlar munosabatlarini o‘rnatish tashabbusini ilgari surdi. Ushbu taklif shahar rahbariyati va kengash a’zolari tomonidan iliq kutib olinib, mazkur yo‘nalishdagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga qiziqish bildirildi.
Tomonlar ikki hudud o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni mustahkamlash, insonlar o‘rtasidagi munosabatlarni kengaytirish va kelgusida rasmiy birodarlik munosabatlarini o‘rnatish bo‘yicha amaliy ishlar olib borishga kelishib oldilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi



