O‘zbekiston–Yaponiya munosabatlari sifat va mazmun jihatdan yangi bosqichga ko‘tarildi
Yanvar 27, 2026. 09:37 • 3 daq
• 184TOKIO, 27-yanvar. /“Dunyo” AA/. Tokioda mamlakatimiz elchixonasi tomonidan Yaponiya–O‘zbekiston jamiyati bilan hamkorlikda madaniy-maʼrifiy tadbir bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda turli vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari, ilmiy va ishbilarmon doiralar vakillari, talabalar, turli sohalarda faoliyat yuritayotgan vatandoshlar, OAV vakillari, Samarqand Agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti hamda “Agrobank” AJ xodimlari ishtirok etdi.
O‘zbekiston–Yaponiya munosabatlariga bag‘ishlangan uchrashuvda elchi Muhsinxo‘ja Abdurahmonov so‘zga chiqib, 2025-yil yakunlari bo‘yicha ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar, hamkorlik aloqalari haqida to‘xtalib o‘tdi.
Xususan, davlatimiz rahbarining Yaponiyaga amalga oshirgan tashrifi O‘zbekiston–Yaponiya munosabatlarini sifat va mazmun jihatdan mutlaqo yangi bosqichga olib chiqib, savdo-iqtisodiy, siyosat, fan va innovatsiyalar, turizm, madaniyat va migratsiya sohalaridagi hamkorlikni jadal rivojlantirishga asos bo‘lgani qayd etildi.
2026 yilda ham Yaponiya–O‘zbekiston jamiyati bilan hamkorlikda do‘stona munosabatlarni yanada kengaytirish, ikki davlat hamkorligini mustahkamlashga qaratilgan qator qo‘shma tadbirlar amalga oshirilishi borasida fikr-mulohaza almashildi.
Yaponiya–O‘zbekiston jamiyati raisi Fumihiko Kato so‘nggi yillarda Yaponiyada O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqish sezilarli darajada ortayotgani, turistlar oqimi va investitsiyalar hajmi o‘sib borayotgani hamda jamiyat aʼzolari soni ko‘payib borayotganini alohida taʼkidladi. JICA tashkiloti bilan hamkorlikda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan quritilgan xurmo yetishtirish loyihasi yuqori samara berayotgani qayd etildi.
Maʼlumot o‘rnida aytish lozimki, Yaponiya–O‘zbekiston jamiyati 1998 yilda tashkil topgan. Bosh qarorgohi Tokio shahrida joylashgan. Bugungi kunda Yaponiyada faoliyat yuritayotgan xalq diplomatiyasi yo‘nalishidagi eng asosiy do‘stlik jamiyati hisoblanadi.
Jamiyatga 300 nafarga yaqin taniqli siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar doira vakillari, shahar meriyalari, O‘zbekistonda avval faoliyat yuritgan JICA tashkiloti ko‘ngillilari hamda qator yuridik shaxslar aʼzo.
Jamiyatning asosiy faoliyati Yaponiya jamoatchiligini O‘zbekiston tarixi, anʼanalari va boy madaniyati bilan yaqindan tanishtirishga qaratilgan.
Tadbir davomida Yaponiyaning O‘zbekistondagi sobiq elchisi Xatori Takashi O‘zbekistondagi diplomatik faoliyati, bugungi Yangi O‘zbekistonning xalqaro maydondagi o‘rni, o‘zbek-yapon munosabatlarining hozirgi holati va istiqbollari haqida fikr bildirdi.
O‘zbekistonning tinch, xavfsiz va osoyishta mamlakat ekani, oqilona va pragmatik tashqi siyosat natijasida yapon sayyohlari hamda investorlari soni yildan-yilga oshib borayotgani aniq misollar bilan keltirib o‘tildi.
Tadbirning madaniy qismida O‘zbekistonning Yaponiyadagi Madaniyat elchisi Mashu Komazaki tomonidan o‘zbek milliy musiqa asboblari – doira va dutorda milliy kuylarimiz mahorat bilan ijro etildi. Yaponiyada faoliyat yuritayotgan “Guliston” o‘zbek milliy raqs ansambli tomonidan namoyish etilgan raqslar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
O‘zbek milliy liboslari, xalq amaliy sanʼati namunalari va kollaboratsiya mahsulotlari ko‘rgazmasi, O‘zbekistonning boy madaniy merosi va sayyohlik salohiyati haqidagi targ‘ibot materiallari ishtirokchilarga namoyish etildi.
Elchixona tomonidan tadbir ishtirokchilariga o‘zbek milliy taomlari – osh, somsa, non hamda quritilgan mevalar tortiq qilindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi









