Yakutiya bilan mehnat migratsiyasi bo‘yicha hamkorlik kengaytiriladi
Mart 18, 2026. 16:45 • 2 daq
• 83
YAKUTSK, 18-mart. /“Dunyo” AA/. Yurtimizning Vladivostokdagi bosh konsulxonasi hamda Migratsiya agentligi vakillari xizmat safari bilan Saxa Respublikasi (Yakutiya)ga bordi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Safar davomida Yakutiya Tashqi aloqalar va xalq ishlari vazirligi, Aholi bandligi qo‘mitasi hamda Chet el fuqarolarini ijtimoiy va madaniy moslashtirish markazi rahbariyati bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda ikki hudud o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlikning bugungi holati tahlil qilindi. Yakutiya tomoni mintaqa iqtisodiyoti uchun yuqori malakali mutaxassislarga ehtiyoj kattaligini taʼkidladi.
Shu bilan birga, 2026-yilda Yakutiya hududida patent asosida ishlayotgan chet el fuqarolari uchun joriy etilgan sohaviy cheklovlar (jami 42 ta yo‘nalish) muhokama qilindi. O‘z navbatida, o‘zbekistonlik diplomatlar mehnat bozori konyunkturasidan kelib chiqib, ushbu cheklovlarning bir qismini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha o‘zaro manfaatli takliflarni ilgari surdi.
Yakutiya rasmiylariga O‘zbekistonda xorijga ketayotgan fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitish va til o‘rgatish bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan tizim haqida maʼlumot berildi.
Bu kabi uchrashuvlar Rossiyaning shimoliy hududlarda mehnat qilayotgan yurtdoshlarimiz uchun xavfsiz va qonuniy mehnat sharoitlarini yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi