Logo

Yekaterinburgda maxsus markazda bo‘lib turgan vatandoshlar uchun iftorlik o‘tkazildi

Mart 18, 2026. 19:18 • 2 daq

41
Yekaterinburgda maxsus markazda bo‘lib turgan vatandoshlar uchun iftorlik o‘tkazildi

YEKATERINBURG, 18-mart. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz Bosh konsulxonasi tashabbusi bilan homiy vatandoshlar ko‘magida Yekaterinburg IIB huzuridagi Xorijiy fuqarolarni vaqtinchalik saqlash markazida bo‘lib turgan yurtdoshlar uchun iftorlik dasturxoni yozildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mazkur iftorlik marosimi muqaddas Ramazon oyi munosabati bilan davlatimiz tomonidan xorijda yashayotgan vatandoshlarga ko‘rsatilayotgan eʼtibor va g‘amxo‘rlikni keng targ‘ib etish, davlat va diaspora o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va hamkorlikni yana-da mustahkamlash, vatandoshlarni jipslashtirish va qo‘llab-quvvatlash maqsadida amalga oshirildi.

Uchrashuvda vatandoshlarning diniy, maʼnaviy-maʼrifiy mavzularda berilgan savollarga atroflicha javob berildi. Shuningdek, diniy bag‘rikenglik va dinlararo totuvlikni mustahkamlash yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi.

Tadbir doirasida Bosh konsulxona diplomatlari tomonidan markazda vaqtincha saqlanayotgan hamyurtlarga Rossiya migratsiya qonunchiligi va uni buzganlik uchun maʼmuriy javobgarlikka tortilish hamda sud qarori asosida mamlakatdan chiqarib yuborish (deportatsiya) jarayonlarining huquqiy jihatlari haqida batafsil tushuntirish berildi.

Diplomatlar muassasada farzandlari bilan bo‘lib turgan vatandosh ayollar bilan alohida suhbat o‘tkazib, ularning holidan xabar oldi. Yosh bolali ayollarning sharoitini yaxshilash va ularga qo‘shimcha eʼtibor qaratish masalasi yuzasidan muassasa rahbariyati bilan kelishib olindi.

Bosh konsulxona tomonidan xorijdagi vatandoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda ularga maʼnaviy ko‘mak berishga qaratilgan manzilli tadbirlar davom ettirilmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish