Frankfurt va Myunxenda vatandoshlar uchun iftorlik tashkil etildi
Mart 18, 2026. 16:45 • 2 daq
• 98
FRANKFURT-MAYN, 18-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Frankfurt-Mayn shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan “Humo” va “Karavan” o‘zbek-nemis madaniy jamiyatlari bilan hamkorlikda Frankfurt va Myunxen shaharlarida istiqomat qilayotgan vatandoshlar uchun iftorlik tadbirlari o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirlarda o‘zbek diasporasining 300 nafarga yaqin vakillari, talabalar va jamoat faollari ishtirok etdi. Kechaning faxriy mehmonlari sifatida Farg‘ona shahridagi “Xo‘jamberdiboy” masjidi imom-xatibi Husniddin Tursunzoda hamda Andijon shahridagi “Bobotavakkal” masjidi imom-xatibi Muhammadjon Xo‘jayev qatnashdi.
Muloqot davomida ishtirokchilarga muborak Ramazon oyining fazilatlari, uning maʼnaviy qadriyatlarni mustahkamlash, o‘zaro hurmat va saxovatpeshalikni qaror toptirishdagi roli haqida so‘zlab berildi. Imomlar xalqimizning boy maʼnaviy merosi, bag‘rikenglik anʼanalari va madaniyatlararo muloqotning ahamiyatiga to‘xtalib o‘tdi.
Alohida eʼtibor milliy anʼanalarni asrab-avaylash, tarixiy Vatan bilan maʼnaviy-madaniy aloqalarni mustahkamlash hamda yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash masalalariga qaratildi.
Vatandoshlar bu kabi uchrashuvlar diaspora jipsligini taʼminlash va begona yurtda madaniy o‘zlikni saqlab qolishda muhim ekanini taʼkidlab, tashkilotchilarga o‘z minnatdorliklarini bildirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi