Sankt-Peterburgda tahsil olayotgan o‘zbek talabalari bilan suhbat o‘tkazildi
Mart 18, 2026. 11:24 • 2 daq
• 175
SANKT-PETERBURG, 18-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Sankt-Peterburgdagi konsulxonasi delegatsiyasining Sankt-Peterburg politexnika universitetiga tashrifi amalga oshirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashrif davomida ushbu oliy ta’lim dargohida tahsil olayotgan o‘zbek talabalari bilan suhbat o‘tkazildi. Universitet prorektori Dmitriy Arsenev bilan suhbatda ikki tomonlama hamkorlik aloqalari, bu yerda o‘qiyotgan o‘zbekistonlik talabalarga yaratilgan imkoniyatlar muhokama qilindi.
Prorektor oliy ta’lim muassasasida ko‘plab O‘zbekiston yoshlari bakalavr, magistr, aspirantura yo‘nalishida tahsil olayotganini ta’kidladi. O‘zbek talabalarining aksariyati sanoat menejmenti, iqtisod va savdo yo‘nalishida o‘qimoqda ekan.
Uchrashuvda o‘zbek oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik loyihalari, rektorlar forumidagi ishtirok, “Kelajak muhandislari” kabi loyihalar haqida to‘xtalib o‘tildi.
O‘zbek diplomati Qobul Alimov universitet rahbariyatiga uchrashuv uchun minnatdorlik bildirib, bunday uchrashuv va hamkorlikdagi loyihalarni kelgusida ham davom ettirish bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi.
Delegatsiya a’zolari universitetda tashkil etilgan Xalqaro ta’lim dasturlari oliy maktabini ko‘zdan kechirdi, chet ellik talabalar uchun “birdamlik” tizimidagi ko‘p funksiyali markazi hamda talabalar turar joylari bilan tanishdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi