Logo

Toshkentda inson huquqlarini hurmat qilishda biznes sohasida duch kelinayotgan muammolar muhokama qilindi

Dekabr 17, 2023. 11:43 • 2 daq

395
Toshkentda inson huquqlarini hurmat qilishda biznes sohasida duch kelinayotgan muammolar muhokama qilindi

TOSHKENT, 17-dekabr. /"Dunyo" AA/. Toshkent shahrida «Tadbirkorlikda ta'minot zanjiri bo'yicha inson huquqlariga rioya etilishini qo'llab-quvvatlashdagi mavjud muammolar va ularning yechimlari» mavzusida davra suhbati bo'lib o'tdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbir Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston milliy markazi, Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi hamda YEXHTning mamlakatimizdagi vakolatxonasi bilan birgalikda tashkil etildi.

Anjumanning ochilishida Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston milliy markazi direktori Akmal Saidov, YEXHTning O'zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi vazifasini bajaruvchi Zilke Klyover, Germaniya elchisi Tilo Klinner hamda Oliy Majlis Senatining Xalqaro aloqalar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo'mitasi raisi Ravshanbek Alimov so'zga chiqdi.

Avvalo hozirgi davrda tadbirkorlik sohasi ta'minot zanjirida inson huquqlarini hurmat qilishni ta'minlashda davlat organlari vakillari va biznes tuzilmalari o'rtasida tajriba almashish va muloqotni yo'lga qo'yish masalalari nechog'lik dolzarb ekanligi ta'kidlandi. Bunda biznes tuzilmalari o'z faoliyatining turli bosqichlarida inson huquqlariga rioya qilishda duch kelayotgan qiyinchiliklarni faol aniqlash zarurligiga alohida e'tibor qaratildi.

Akmal Saidov BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarining 67-bandi barcha tadbirkorlarni barqaror rivojlanish muammolarini hal qilish uchun o'zlarining ijodiy va innovatsion salohiyatidan foydalanishga chaqirishini qayd etdi. Shu ma'noda, Barqaror rivojlanish maqsadlari 2022-yildan boshlab yurtimizda Yangi O'zbekiston taraqqiyot strategiyasi va "O'zbekiston–2030" strategiyasi doirasida keng qamrovli islohotlar bilan bevosita uyg'unlikda amalga oshirilmoqda.

Sababi ushbu xalqaro hujjat bilan har ikki dasturilamal milliy strategiyadagi maqsad va vazifalar bir-biriga to'liq mos keladi. Xususan, "O'zbekiston–2030" strategiyasida: barqaror iqtisodiy o'sish orqali daromadi o'rtachadan yuqori bo'lgan davlatlar qatoridan o'rish olish, aholi talablariga va xalqaro standartlarga to'liq javob beradigan ta'lim, tibbiyot va ijtimoiy himoya tizimini tashkil etish, aholi uchun qulay ekologik sharoitlarni yaratish, xalq xizmatidagi adolatli va zamonaviy davlat barpo etish, mamlakatning suvereniteti va xavfsizligini kafolatli ta'minlash kabi asosiy g'oyalar aks etgani buni yaqqol tasdiqlaydi.

Davra suhbati doirasida tadbir ishtirokchilariga inson huquqlarini hurmat qilishda biznes sohasida duch kelinayotgan muammolarni muhokama qilish hamda yanada adolatli, barqaror va axloqiy biznes dunyosini qurish uchun amaliy yechimlarni o'rganish imkoniyatlari yaratildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish