Logo

Qadimiy Oksford universitetida O'zbek tili markazi ochildi

Dekabr 26, 2023. 07:25 • 2 daq

816
Qadimiy Oksford universitetida O'zbek tili markazi ochildi

LONDON, 26-dekabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi dunyoning eng qadimiy ta'lim va tadqiqot muassasalaridan biri Oksford universiteti rahbariyati bilan muzokaralar o'tkazdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Muzokaralar chog'ida Oksford universiteti bilan O'zbekiston oliy ta'lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot institutlari o'rtasida akademik hamkorlikni yo'lga qo'yish, Britaniya universiteti qoshidagi «Wolfson College» dasturlari asosida ta'lim va ixtisoslashtirilgan yo'nalishlarda mutaxassislar tayyorlash masalalari muhokama qilindi.

«Wolfson College» prezidenti Mark Xitchins O'zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar ta'lim, fan va kadrlar tayyorlash sohasidagi o'zaro hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlashga xizmat qilayotganini alohida ta'kidladi. «Tarix, arxeologiya, ta'lim, tibbiyot, fizika, matematika, muhandislik kabi yo'nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish uchun ulkan salohiyat mavjud. Biz O'zbekiston Fanlar akademiyasi bilan kvant fizikasi sohasida o'zaro hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdormiz», - dedi u.

Oksford universiteti qoshidagi "Birso'z" markazi direktori Leyla Najafzoda bilan kechgan muloqot chog'ida mazkur ta'lim muassasasida o'zbek tilini o'qitish loyihasini yo'lga qo'yish bo'yicha kelishuvga erishildi.

O'zbek tili bo'yicha darslar 2024-yil yanvar oyida 15 nafarga yaqin talaba ishtirokida boshlanadi.

O'zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi tomonidan Markazning ilmiy bazasini boyitish maqsadida o'zbek tilidagi zarur adabiyotlar va o'quv materiallari yetkazib beriladi.

Oksford universiteti qoshidagi «Wolfson College» 1965-yilda tashkil topgan. Kollej universitetning yetakchi 3 ta oliy o'quv yurtlaridan biri hisoblanadi. Bu yerda dunyoning turli burchaklaridan kelgan 700 dan ortiq talaba gumanitar, tabiiy va ijtimoiy fanlar bo'yicha tahsil oladi. Kollej bitiruvchilari orasida 3 nafar Nobel mukofoti sovrindorlari bor.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish