Fransiya Prezidentining maslahatchisi O'zbekistonga elchi etib tayinlandi

Sentabr 04, 2025. 12:31 • 2 daq

• 1517
Fransiya Prezidentining maslahatchisi O'zbekistonga elchi etib tayinlandi

TOSHKENT, 4-sentabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bugun Fransiyaning yangi tayinlangan elchisi Ualid Fukni qabul qildi, deya xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"Fransiyaning O'zbekistondagi yangi tayinlangan Elchisi Ualid Fuk janoblaridan ishonch yorliqlari nusxalari qabul qildik, – deb yozdi O'zbekiston TIV rahbari o'zining telegram-kanalida. – O'zbekiston-Fransiya o'rtasidagi mustahkam tarixiy zamin va boy an'analarga ega munosabatlar so'nggi yillarda yuqori sur'atlar bilan rivojlanib, strategik sheriklik darajasiga ko'tarildi. Bugungi kunda hamkorlik iqtisodiyotdan tortib madaniyatgacha bo'lgan barcha sohalarni qamrab olmoqda. Shu bilan birga, mavjud salohiyat yanada keng bo'lib, uni to'liq ro'yobga chiqarish uchun diplomatlarimizning hamkorlikdagi sa'y-harakatlari muhim ahamiyat kasb etadi.

Janob Elchiga mamlakatimizdagi faoliyatida yuksak muvaffaqiyatlar va samarali mehnat tilaymiz".

Fransiya Prezidentining Osiyo, Okeaniya va Amerika bo'yicha maslahatchisi lavozimida ishlab kelgan 38 yoshli diplomat Ualid Fuk 2021-2025-yillarda Toshkentdagi elchixonaga rahbarlik qilgan Oreliya Bushez o'rniga tayinlandi. Oreliya Bushez ikki tomonlama do'stlik va sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga qo'shgan ulkan hissasi uchun O'zbekiston Prezidenti tomonidan "Do'stlik" ordeni bilan taqdirlangan.

"Dunyo" AA olgan surat

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish