Logo

O'zbekiston bilan ikki tomonlama munosabatlar va yurtimiz madaniy hayotida kechayotgan jarayonlar Kuvayt OAV nigohida

Fevral 17, 2025. 15:19 • 2 daq

196
O'zbekiston bilan ikki tomonlama munosabatlar va yurtimiz madaniy hayotida kechayotgan jarayonlar Kuvayt OAV nigohida

AL-KUVAYT, 17-fevral. /"Dunyo" AA/. Kuvaytning yetakchi bosma ommaviy axborot vositalari davlatimiz rahbarining bugun Kuvaytga boshlangan tashrifi arafasida O'zbekiston bilan ikki tomonlama munosabatlarni va yurtimiz madaniy hayotida kechayotgan jarayonlarni keng yoritayotir, deb xabar qilyapti "Dunyo" AA muxbiri.

Masalan, Kuvaytning "Al-Jarida" gazetasida "O'zbekiston va Kuvayt hamkorligi: yangi bosqich sari dadil qadamlar" sarlavhali maqola bosildi. Unda O'zbekiston elchixonasida mamlakatimizning investitsiyaviy, eksport va sayyohlik salohiyatiga bag'ishlab o'tkazilgan taqdimot tadbiri tafsilotlari qalamga olingan. Nashrda so'nggi yillarda O'zbekiston Prezidenti rahnamoligida Yangi O'zbekiston dunyo hamjamiyati bilan turli sohalarda, jumladan, madaniyat, iqtisodiyot va turizm kabi yo'nalishlarda yaqin hamkorlik aloqalarini mustahkamlab borayotgani alohida urg'ulangan.

"Tadbir davomida tashqi savdoni rivojlantirish, mamlakatimizdagi erkin iqtisodiy va sanoat zonalari faoliyati, xorijiy investorlarga berilayotgan imtiyozlar, O'zbekistonda zamonaviy turizm infratuzilmasini rivojlantirish, xorijlik sayyohlar uchun yaratilayotgan qulayliklar, ayniqsa, zamonaviy mehmonxonalar va infratuzilmalarga oid ma'lumotlar taqdim etildi", – deyilgan manbada.

Kuvaytning "Al-Anba" gazetasi esa "Habibulla Solih.. O'zbekistonning ko'p qirrali xattoti" sarlavhali maqolani e'lon qildi. "O'zbekistonda xattotlik ustasi sifatida nom qozongan Habibulloh Solih ushbu san'atni Qur'oni Karimni nusxalashda qo'llaniladigan "Nasx" xati, farmonlar va rasmiy hujjatlarni yozishda qo'llaniladigan "Tavqi" va "Ruq'a" kabi turli xil xattotlik uslublarini mukammal egallagan, – deb yozilgan nashrda. – U xattotlik san'atini ustozlari Ismoil Maxdum va Abdulg'afur Razoqov Al-Buxoriydan o'rgangan. Uning bobosi domla Solih Karimov Buxoro Amirligining mashhur xattotlaridan bo'lgan". 

 Maqolada, shuningdek, Habibulla Solih ko'plab xalqaro ko'rik-tanlovlarda ishtirok etgani xabar qilinadi.

 "U 1996-yilda Istanbulda o'tkazilgan Xalqaro xattotlik tanlovida eng kuchli o'nta xattot safida e'tirof etildi. 1999-yili Lahorda o'tkazilgan Ikkinchi xalqaro xattotlik festivalida ikkinchi o'rinni egalladi. Mashhur xattot 2002-yilda "Parvin qalami" mukofotiga sazovor bo'lgan. Shuningdek,"O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi" faxriy unvoni bilan taqdirlangan", – deya ma'lum qilgan Kuvayt bosma nashri.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish