Logo

"Business & Diplomacy" jurnali: O'zbekiston katta "burilish davrini" boshdan kechirmoqda

Dekabr 23, 2024. 09:36 • 3 daq

103
"Business & Diplomacy" jurnali: O'zbekiston katta "burilish davrini" boshdan kechirmoqda

BERLIN, 23-dekabr. /"Dunyo" AA/. Germaniyaning nufuzli "Business & Diplomacy" jurnalida mamlakatimiz iqtisodiy yutuqlariga bag'ishlangan tahliliy maqola chop etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"Qadimgi Ipak yo'li va zamonaviylik o'rtasida" sarlavhali maqolada muallif Svetlana Alekseyeva-Kryuger mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar va bugungi kunda erishilayotgan natijalar, xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan qulayliklar haqida xalqaro ekspert sifatida o'z fikrlarini bildiradi.

"Germaniya Federal kansleri Olaf Shols butun dunyoni o'ziga mahliyo etib kelayotgan Ipak yo'lidagi qadimiy Samarqand shahriga tashrifi chog'ida "O'zbekiston kelajakda ham Germaniyaning eng muhim sherigi bo'lib qoladi" deya ta'kidlagan edi. O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Nemis iqtisodiyotining Sharqiy qo'mitasiga a'zo bo'lgan yirik kompaniyalar rahbarlari bilan bo'lib o'tgan davra suhbatida GFR Kansleri mamlakatimizning faol iqtisodiy taraqqiyoti Germaniya-O'zbekiston iqtisodiy munosabatlarida ham keng imkoniyatlar eshigini ochayotganini aytgandi. GFR hukumati rahbari ikki tomonlama aloqalarni yana-da rivojlantirish maqsadida katta iqtisodiy delegatsiya bilan O'zbekistonga tashrif buyurdi", - deyiladi maqolada.

Qayd etilishicha, O'zbekiston tobora dunyoga ochilib bormoqda, bir so'z bilan aytganda katta "Burilish davrini" boshdan kechirmoqda. Shuningdek, mamlakat tashqi siyosatida mintaqaviy hamkorlik ustuvor ahamiyatga ega, Markaziy Osiyo davlatlarining S5+1 formatidagi Germaniya, AQSH bilan kengaytirilgan sammitlari bunga misoldir.

Muallifning ta'kidlashicha, islohotlar o'z natijasini bermoqda, 2023-yilda mamlakat iqtisodiyoti deyarli 6 foizga o'sdi. O'zbekiston hukumati va Jahon banki joriy yil va 2025-yilda ham kuchli o'sish kuzatilishini ta'kidlamoqdalar. Germaniyaning Tashqi iqtisodiyot agentligi GTAI 2024 yilning o'zida xorijiy investitsiyalar va kreditlarning 25 foizgacha o'sishini prognoz qilmoqda.

Shu o'rinda, muallif maqolasida Xalqaro investitsiya forumi doirasida O'zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri bilan o'tkazilgan intervyuda "O'zbekiston-2030" milliy strategiyasida tadbirkorlik muhitini yaxshilashga alohida ahamiyat qaratilgani, JST qoidalariga mos ravishda investitsiya qonunlari ishlab chiqilgani, xorijiy investorlar uchun O'zbekiston Prezidenti huzurida Xorijiy investorlar kengashi tashkil etilgani va boshqa bir qator qulayliklar haqidagi ma'lumotlarga batafsil to'xtalgan.

Nashr, shuningdek, nemis kompaniyalarining O'zbekistonga qiziqishi yuqori ekanligiga urg'u beradi. Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qo'mitasining ma'lumotlariga ko'ra, 2023-yilda Germaniyadan O'zbekistonga 1 milliard yevrodan ortiq qiymatdagi tovarlar, xususan, texnologiyalar, avtomobillar va ximiya mahsulotlari eksport qilingan. O'zbekistondan esa asosan oziq-ovqat, tekstil va turli xil metallar yetkazib berilgan. "Mamlakatning xom-ashyo bazasi, yirik bozori, malakali mutaxassislar va yuqori intellektual salohiyatga ega inson resurslari nemis ishbilarmonlari uchun katta hamkorlik imkoniyatlarini yaratadi", - deydi muallif.

Maqolada ta'kidlanishicha, foydali qazilmalar, muqobil energiya va mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlik ikki tomonlama iqtisodiy munosabatlarning asosini tashkil etadi. Shu sababdan ham, Germaniya Kansleri Olaf Shols nemis ishbilarmonlari bilan uchrashuvda ularni ikki mamlakat iqtisodiyoti rivoji uchun ushbu resurslardan birgalikda foydalanishga chaqirdi.

"Germaniya Kanslerining tashrifi chog'ida "Migratsiya va mobillik sohasida har tomonlama sheriklik to'g'risida hukumatlararo bitim"ning imzolanishi eng yirik ikki tomonlama manfaatli kelishuvlardan biri bo'ldi. Endi o'zbekistonlik yoshlar GFRning dual kasbiy ta'lim tizimi asosida o'qitilib, mehnat faoliyatiga jalb qilinadi. Bu Germaniyada mutaxassislar yetishmovchiligi kuzatilayotgan sohalarda kadrlar bilan bog'liq masalalarni hal etishga yordam beradi", - deya xulosa qiladi "Business & Diplomacy" jurnali.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish