"Hello Magyar": Vengriya va O'zbekiston ko'plab sohalarda o'zaro manfaatli strategik hamkorlikni yo'lga qo'ydi
Iyul 01, 2025. 09:33 • 2 daq
• 32
BUDAPESHT, 1-iyul. /"Dunyo" AA/. "Hello Magyar" onlayn nashrida "O'zbekiston va Vengriya o'rtasidagi strategik hamkorlik Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo davlatlari uchun namuna bo'lmoqda" sarlavhali tahliliy maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Nashrda qayd etilganidek, so'nggi yillarda O'zbekiston va Vengriya o'rtasidagi hamkorlik izchil tarzda rivoj topmoqda. Maqola muallifining yozishicha, bir-biridan uzoqda joylashgan bu ikki davlat bugungi kunda o'zaro ustuvor strategik hamkorlarga aylangan hamda bu borada Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun namuna bo'lmoqda.
U, shuningdek, "O'zbekiston va Vengriya o'rtasidagi munosabatlarni chuqurlashtirishda, shubhasiz, davlat rahbarlarining qat'iy siyosiy irodasi muhim rol o'ynaydi. Bosh vazir Viktor Orbanning 2021-yilda O'zbekistonga, Prezident Shavkat Mirziyoyevning esa 2022-yilda Vengriyaga buyurgan tashrifi ikki tomonlama munosabatlarda mutlaqo yangi bosqichni boshlab berdi", – deb ta'kidlagan.
"Hello Magyar"da joylashtirilgan materialda ikki davlat o'rtasidagi munosabatlar Kengaytirilgan strategik sheriklik to'g'risida qo'shma deklaratsiyaning imzolanishi bilan yangi bosqichga ko'tarilgani urg'ulangan. Qayd etilishicha, Vengriya O'zbekiston bilan munosabatlarda bunday maqomga erishgan birinchi Yevropa Ittifoqiga a'zo davlatga aylandi.
Shuningdek, nashrda O'zbekistonda Vengriya kapitali ishtirokidagi 17 ta korxona faoliyat ko'rsatayotgani, ulardan 10 tasi qo'shma va 7 tasi esa 100 foiz venger tomoni investitsiya ko'magida tashkil etilgani haqidagi aniq ma'lumotlar o'quvchilar e'tiboriga taqdim etilgan.
Maqola xulosasida "Vengriya va O'zbekiston barcha sohalarda o'zaro manfaat keltiruvchi strategik hamkorlikni yo'lga qo'ydi. Geografik masofani yengib o'tish oson emas, ammo umumiy iroda dunyoga hamma narsa mumkinligini ko'rsatdi. Albatta, hali ko'plab to'siqlar mavjud, ammo har ikki tomon munosabatlarni yana-da chuqurlashtirishga intilmoqda va bu strategik hamkorlikning ustunlari juda mustahkam ekanligini ko'rsatadi", – deya urg'ulangan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Oʻzbekiston delegatsiyasi ayollar muloqoti forumida ishtirok etdi
"Europa Press": Ispaniya va O'zbekiston qishloq xo'jaligi sohasida memorandum imzoladi
O'zbek milliy qadriyatlari "Charity Bazaar" xayriya festivalida e'tirof etildi