"News Central Asia" AA: O'zbekiston va Ozarbayjon o'z oldiga o'zaro savdo hajmini 1 milliard dollarga yetkazish maqsadini qo'ygan
Iyul 03, 2025. 12:03 • 2 daq
• 79
ASHXOBOD, 3-iyul. /"Dunyo" AA/. Turkmanistonning "News Central Asia" axborot agentligi O'zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutining yetakchi ilmiy xodimi Iroda Imomovaning "O'zbekiston va Ozarbayjon: Barqaror do'stlik va ishonchli hamkorlik" sarlavhali maqolasini e'lon qildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Maqolada O'zbekiston va Ozarbayjon o'rtasidagi strategik hamkorlikning 30 yillik tarixiy yo'li va bu mamlakatlar o'rtasidagi munosabatlarning hozirgi holati batafsil tahlil qilingan.
Muallif O'zbekiston va Ozarbayjon o'rtasidagi diplomatik aloqalarning 30 yillik tarixiga, shuningdek, 2024-yilda imzolangan Ittifoqchilik shartnomasi orqali ikki davlat o'rtasidagi munosabatlarning yangi bosqichga ko'tarilishiga e'tibor qaratgan.
"Bu qaror, har ikki mamlakatning yuqori darajadagi rasmiy muloqotlari va rahbarlarining siyosiy irodasi orqali amalga oshirilgan. Ikki davlat rahbarlarining o'zaro ishonchli va samarali munosabatlari bu strategik hamkorlikning asosi bo'layotir", – deyiladi materialda.
Shuningdek, nashrda 2017-yildan buyon ikki mamlakat rahbarlari 12 marotaba uchrashgani va bu uchrashuvlar ikki tomonlama aloqalarning yangi bosqichga chiqishini ta'minlagani ta'kidlangan.
Maqolada ikki mamlakat o'rtasidagi iqtisodiy hamkorlikning katta rivojlanishi va savdo aylanmasining 8 martaga ko'paygani haqida ham so'z boradi. "O'zbekiston va Ozarbayjon o'z oldiga o'zaro savdo hajmini 1 milliard dollarga yetkazish maqsadini qo'ygan. Ushbu maqsadga erishish uchun, ko'plab qo'shma ishlab chiqarish loyihalari va investitsion dasturlar amalga oshirilmoqda. Masalan, avtomobil sanoati, tekstil yo'nalishi, shuningdek, agrosanoat sohasida hamkorlik o'z samarasini bermoqda", – deyilgan materialda.
Qayd etishicha, bunday yaqin sheriklik ikki mamlakatta iqtisodiyotlarini diversifikatsiyalash va davlatlarning iqtisodiy barqarorligini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Bundan tashqari, nashrda 500 million dollarlik umumiy kapitalga ega bo'lgan O'zbekiston-Ozarbayjon investitsiya kompaniyasi 360 million dollardan ortiq qiymatdagi 15 ta loyihani amalga oshirayotgani haqida o'quvchilarga ma'lumot berilgan.
"News Central Asia" AAda joylashtirilgan maqolada O'zbekiston-Ozarbayjon o'rtasidagi madaniy va gumanitar aloqalarning ahamiyatiga alohida e'tibor qaratilgan. "O'zaro madaniy qadriyatlarni qadrlash, ikki xalqning tarixi va madaniyatiga bo'lgan qiziqish, shuningdek, ta'lim, ilm-fan yo'nalishidagi hamkorlik tobora rivoj topib bormoqda. Turizm sohasidagi sheriklik esa alohida mavzu sanaladi. Har ikki mamlakat turistlar almashinuvini ko'paytirishdan birdek foyda ko'radi", – deyilgan maqolada.
"News Central Asia" AA, shuningdek, O'zbekiston va Ozarbayjon turizm va ta'lim sohasida yangidan-yangi qo'shma loyihalarni amalga oshirayotgani haqida yozgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Oʻzbekiston delegatsiyasi ayollar muloqoti forumida ishtirok etdi
"Europa Press": Ispaniya va O'zbekiston qishloq xo'jaligi sohasida memorandum imzoladi
O'zbek milliy qadriyatlari "Charity Bazaar" xayriya festivalida e'tirof etildi