Logo

"Sada al-Balad" AA: O'zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan maxsus rezolyutsiyalarning aksariyati bevosita Markaziy Osiyodagi ekologik muammolarga daxldor

May 16, 2025. 15:57 • 4 daq

77
"Sada al-Balad" AA: O'zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan maxsus rezolyutsiyalarning aksariyati bevosita Markaziy Osiyodagi ekologik muammolarga daxldor

QOHIRA, 16-may. /"Dunyo" AA/. Misrning "Sada al-Balad" axborot agentligi O'zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, akademik Akmal Saidovning "Yangi O'zbekiston: taraqqiyotning "yashil" yo'li" sarlavhali maqolasini e'lon qildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

 

"XXI asrda "yashil" rivojlanish nafaqat tendensiyaga, balki butun insoniyat uchun shubhasiz vektorga aylandi, – deb yozgan muallif. –Tez iqlim o'zgarishi, suv tanqisligining kuchayishi va biologik xilma-xillikning yo'qolishi sharoitida barqaror rivojlanish har bir davlat uchun ustuvor vazifa hisoblanadi".

 

Ta'kidlanganidek, O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev xalqaro, mintaqaviy va respublika miqyosidagi anjumanlarda so'zlar ekan, barqaror yashil rivojlanish dasturini kelajak avlod farovonligining muhim vositasi sifatida muntazam targ'ib etmoqda.

 

Qayd etilishicha, qinda nashr etilgan "Yangi O'zbekistonning yashil taraqqiyot yo'li" kitobida davlat rahbarining 2017-2025 yillarda iqlim o'zgarishiga qarshi kurashish, suv va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, biologik xilma-xillikni saqlash va yashil iqtisodiyotga o'tish bo'yicha ilgari surilgan 310 ta iqtibos va 54 ta tashabbusi keltirilgan.

 

Kitob "Yashil taraqqiyot – insoniyat tanlagan yo'l", "Markaziy Osiyo – "yashil" taraqqiyot va kelajak kursi" va "Yangi O'zbekiston barqaror taraqqiyot yo'lida" nomli uch bobdan iborat.

 

O'zbekiston rahbari "yashil" rivojlanish Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun modernizatsiyaning yangi bosqichining asosi bo'lishi kerakligini bir necha bor ta'kidlagan.

 

Shuning uchun ham O'zbekiston Prezidenti "yashil" kurs moda yo'nalishi emas, balki uzoq muddatli zarurat, degan tezisni olg'a surmoqda. "Yashil" energiya manbalariga o'tishni qo'llab-quvvatlash, issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish, atrof-muhitni muhofaza qilish qonunchiligini mustahkamlash va xalq ta'limi tizimi "yashil" islohotlarning bir qismidir.

 

Davlat rahbari kelajak uchun mas'uliyat nafaqat rivojlangan davlatlar, balki iqtisodiyoti rivojlanayotgan davlatlar ham zimmasiga yuklanishini doimiy ta'kidlab keladi.

 

Muallif ta'kidiga ko'ra, O'zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari ekologik ofatlarga ko'proq moyil bo'lgan davlatlar qatoriga kiradi. Iqlim tahdidlarining umumiy kuchayishi fonida mintaqa global isish va atrof-muhit degradatsiyasi muammolariga o'ziga xos javob choralarini ishlab chiqmoqda. O'zbekiston Prezidentining xalqaro maydonlarda ko'rsatayotgan tashabbuslari "yashil" transformatsiya davlatlararo ustuvor vazifa ekanini ko'rsatmoqda.

 

"Keyingi yillarda O'zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi o'ndan ortiq maxsus rezolyutsiyalarni qabul qildi. Ularning aksariyati bevosita Markaziy Osiyodagi ekologik muammolarga daxldor bo'lib, O'zbekistonning mintaqaviy ekologik diplomatiyasining faol rolini aks ettiradi. O'zbekiston rahbarining bu boradagi barcha xalqaro tashabbus va sa'y-harakatlari ming yillar davomida ajdodlarimizdan bizga o'tib kelayotgan milliy qadriyatlar bilan bog'liq. Davlatimiz rahbarining global forumlarda ilgari surilayotgan ekologik tashabbuslari xalqaro hamjamiyat tomonidan keng qo'llab-quvvatlanib, global miqyosda barqaror yashil rivojlanishni ta'minlashga real hissa qo'shmoqda", – deb yozgan akademik Akmal Saidov.

 

Nashrda 2021-yilda BMT Bosh Assambleyasining Orolbo'yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi deb e'lon qilish to'g'risidagi maxsus rezolyutsiyasi qabul qilingani O'zbekistonning muhim yutuqlaridan biri bo'lgani ta'kidlangan. Assambleya tomonidan mintaqaga birinchi marta bunday yuksak maqom berildi. Orol dengizining qurishi tufayli Orolbo'yi global ekologik ofatning epitsentriga, inson salomatligi va ekotizimning beqarorligi uchun xavf ortib borayotgan hududga aylandi.

 

O'zbekiston rahbari suv oqimlarini taqsimlash va birgalikda boshqarishning barqaror mexanizmlarini yaratish tarafdori, bu esa keskinlikni pasaytirib, barkamol rivojlanishni ta'minlashi kerak.

Maqolada Bishkekda bo'lib o'tgan SHHT sammitida (2019-yil 14-iyun) Prezident Shavkat Mirziyoyev tashkilotga a'zo mamlakatlarda resurslarni tejovchi va ekologik toza texnologiyalarni joriy etish maqsadida SHHTning "Yashil kamar" dasturini qabul qilishni taklif qilgani ma'lum qilingan. O'zbekiston rahbari IHTning 14-sammitida (2021-yil 4-mart) energetika barqarorligini ta'minlash, bu sohaga investitsiyalar va zamonaviy texnologiyalarni keng jalb etishga qaratilgan o'rta muddatli strategiyani ishlab chiqish va tasdiqlash tashabbusini ilgari surdi.

 

"2021-yil 6-avgust kuni Turkmanistonda bo'lib o'tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining uchinchi Maslahat uchrashuvida O'zbekiston Prezidenti mintaqa davlatlarining iqlim o'zgarishiga moslashishiga yordam beradigan Markaziy Osiyo uchun "Yashil kun tartibi" mintaqaviy dasturini ishlab chiqish tarafdori bo'ldi. Uning asosiy yo'nalishlari iqtisodiyotni bosqichma-bosqich karbonsizlantirish, suv resurslaridan oqilona foydalanish, energiya tejamkor texnologiyalarni iqtisodiyotga joriy etish, qayta tiklanadigan energiya ishlab chiqarish ulushini oshirish bo'lishi mumkin. Xalqaro iqlim kun tartibining dolzarblashuvi fonida O'zbekistonning atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida amalga oshirilayotgan tizimli ekologik siyosati Markaziy Osiyo mintaqasida ekologik vaziyatni yana-da yaxshilashga qaratilgan", deya qayd etilgan materialda.

 

Maqola "Yangi O'zbekiston tomonidan taklif etilgan va amalga oshirilayotgan "yashil" kelajak sari yo'l o'xshash muammolar va imkoniyatlarga ega davlatlar uchun namuna bo'la oladi. Bu iqtisodiy taraqqiyot sayyoramizga g'amxo'rlik bilan birga olib boriladigan, siyosiy iroda aniq qadamlarga aylanadigan, barqarorlik esa insoniyat taraqqiyotining yangi me'yoriga aylangan yo'ldir", – degan so'zlar bilan yakunlanadi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish