Logo

"El Mundo Financiero": Sangardak, Omonxona va Chodak shunchaki xaritadagi nuqtalar emas – bu yana va yana qaytib kelgingiz keladigan maskanlardir

May 13, 2025. 16:28 • 2 daq

49
"El Mundo Financiero": Sangardak, Omonxona va Chodak shunchaki xaritadagi nuqtalar emas – bu yana va yana qaytib kelgingiz keladigan maskanlardir

MADRID, 13-may. /"Dunyo" AA/. Ispaniyaning "El Mundo Financiero" elektron nashrida O'zbekiston sayyohlik salohiyatiga bag'ishlangan maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Muallif mazkur maqolasida O'zbekistonning sayyohlar uchun ochilmagan o'ziga xos qirralari haqida so'z yuritgan. Xususan, Surxandaryo viloyatining go'zal tabiati, betakror sharsharalari, toza havosi va mehmondo'st xalqi haqidagi iliq taassurotlarni qalamga olgan.


Nashrda Surxondaryo viloyatining Sangardak, Omonxona va Chodak kabi muhim sayyohlik manzillari haqidagi ma'lumotlarga alohida to'xtalib o'tilgan. Ushbu joylarning fusunkor tabiati, urf-odatlari, shifobaxsh suvlari va turistik salohiyati har qanday sayyohni maftun etishi urg'ulangan.


Ta'kidlanishicha, Surxondaryo viloyatidagi Sangardak sharsharasi hamon turistik marshrutlar soyasida qolayotgan tabiat mo'jizasidir. Bu yashirin marvarid tabiat bilan yolg'izlikni qidiradigan va haqiqiy sarguzashtlarni xushko'radiganlarni o'ziga ohangrabodek tortadi. Sharshara tog' qoyasidan otilib tushadi, uning suvi yoz fasllarida ko'payadi, kuzdan boshlab kamaya boshlaydi. Mahalliy aholining aytishicha, uning zilol suvi tog'lardagi muzliklarning erishidan oqib keladi.


"Surxandaryo viloyatining go'zal tog'lari qo'ynida ajoyib maskan- Omonxona joylashgan. Bu shunchaki qishloq emas, balki tabiat, tarix va inson ruhining noyob uyg'unligidir. Omonxona – sehrli go'zallik, shifobaxsh buloqlar, qadimiy an'analar va samimiy mehmondo'stlik timsolidir. Omonxona O'zbekistonning sayyohlik xaritasidan haqli ravishda majburiy tashrif buyuriladigan joy sifatida o'rin olishga loyiqdir" , – deb yozadi muallif.


Shuningdek, maqolada O'zbekistondagi Chodak 4000 yildan ortiq tarixga ega bo'lgan abadiy qishloq, boy madaniy merosini hayratlanarli tabiat go'zalligi bilan uyg'unlashtirgan maskan sifatida ta'riflanadi. Hudud o'z urf-odatlari, qishloq hayoti, an'anaviy bog'dorchilik va dehqonchilik usullarini saqlab qolgani qayd etiladi.


Maqola "Sangardak, Omonxona va Chodak shunchaki xaritadagi nuqtalar emas – bu yana va yana qaytib kelgingiz keladigan maskan. Ular bizga eng muhimi oddiylikdagi go'zallik, tabiat kuchi va mamlakat ruhi eng samimiy joylarda kashf etilishini eslatib turadi", – degan so'zlar bilan yakunlangan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish