Logo

Misr OAV: O'zbekiston va Ozarbayjon munosabatlari XXI asrda an'analarni innovatsiyalar, diplomatiyani aniq natijalar bilan uyg'unlashtirgan sheriklikning jonli namunasidir

Iyul 10, 2025. 09:21 • 2 daq

59
Misr OAV: O'zbekiston va Ozarbayjon munosabatlari XXI asrda an'analarni innovatsiyalar, diplomatiyani aniq natijalar bilan uyg'unlashtirgan sheriklikning jonli namunasidir

QOHIRA, 10-iyul. /"Dunyo" AA/. Misrning yetakchi ommaviy axborot vositalarida O'zbekiston Prezidentining joriy yil 2-4-iyul kunlari Ozarbayjonga buyurgan davlat tashrifiga oid turkum maqolalar e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Jumladan, ushbu mamlakatning "Al-Diplomasi" axborot agentligi "O'zbekiston va Ozarbayjon... Mustahkam, ishonchli va strategik sheriklikni qurmoqdamiz" hamda "Qorabog'dan Samarqandgacha: Yevroosiyo yuragida umumiy kelajakni yaratib" sarlavhali maqolalarni o'z o'quvchilari e'tiboriga taqdim etdi.

Ularda O'zbekiston va Ozarbayjon o'rtasidagi diplomatik munosabatlar o'rnatilganligiga 30 yil to'lgani, shu davr mobaynida ikki mamlakat o'rtasidagi aloqalar yagona turkiy ildiz, o'xshash qadriyatlar va umumiy maqsadlar asosida izchil rivojlanib, mustahkam strategik sheriklik maqomiga ko'tarilgani qayd etilgan.

"Ikki tomonlama munosabatlarning iqtisodiy o'lchovi ushbu sheriklikning asosiy ustuniga aylandi. So'nggi sakkiz yil ichida ikki mamlakat o'rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi qariyb sakkiz barobarga oshib, 2024-yilda 253 million dollarga yetdi. O'zbekiston Ozarbayjonga 208 million dollarlik mahsulot eksport qildi, import esa 45 million dollarni tashkil etdi. Bu muvozanatli va bir-birini to'ldiruvchi savdoning yorqin namunasidir", – deb yozilgan materiallarda.

Shuningdek, maqolalarda O'zbekiston va Ozarbayjon o'rtasidagi sheriklik o'z arxitekturasi bilan ham ajralib turishi ta'kidlangan. Bu siyosiy qarorlar, biznes tashabbuslari va ilmiy tadqiqotlar bir-birini kuchaytiradigan integratsiyalashgan modeldir. Bu so'zda emas, balki amalda diplomatiya bo'lib, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda sezilarli natijalar bermoqda.

"Bu strategik sheriklik shunchaki ittifoq emas, balki kollektiv o'sish, mintaqaviy barqarorlik va global rivojlanishga tayanuvchi umumiy kelajakni ko'rishdir. Ushbu format, shuningdek, turkiy dunyo va kengroq Yevroosiyo makoni uchun takrorlanadigan modelga aylanmoqda – ishonch, harakatlar va umumiy qadriyatlarga asoslangan model. O'zbekiston va Ozarbayjon o'zgaruvchan global va mintaqaviy voqeliklarga moslashar ekan, ularning sherikligi nafaqat ikki tomonlama o'zaro aloqalarning muvaffaqiyatli tarixi, balki XXI asrda an'analarni innovatsiyalar bilan, diplomatiyani aniq natijalar bilan uyg'unlashtirgan hamkorligining jonli namunasidir", – deb yozilgan "Al-Diplomasi" AA tarqatgan maqolalarda.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish