Logo

Janubiy Koreya matbuoti Samarqandda bo'lib o'tadigan BMTning Davlat xizmatlari forumi haqida yozmoqda

Iyun 05, 2025. 14:20 • 2 daq

46
Janubiy Koreya matbuoti Samarqandda bo'lib o'tadigan BMTning Davlat xizmatlari forumi haqida yozmoqda

SEUL, 5-iyun. /Dunyo AA/. Janubiy Koreya matbuotida joriy yilning 23-25-iyun kunlari Samarqand shahrida o'tkazilishi rejalashtirilgan BMTning Davlat xizmatlari forumining ahamiyati, maqsad va vazifalari, shuningdek, O'zbekistonda davlat xizmati sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga bag'ishlangan turkum maqolalar chop etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Xususan, mazkur forum arafasida ushbu mamlakatning yetakchi bosma nashrlaridan biri – «UN journal» sahifasida "BMT davlat xizmati forumi: O'zbekistonning sohadagi islohotlarini xalqaro miqyosda namoyon etish imkonini beradi", "BMT davlat xizmati forumining O'zbekistonda o'tkazilishi mamlakat uchun tarixiy voqelikdir", "O'zbekiston BMT davlat xizmati forumi doirasida raqamli islohotlarini namoyish etadi" va "Davlat xizmati sohasidagi global hamkorlikning muhim qadami" sarlavhali maqolalar e'lon qilindi.

Maqolalarda qayd etilganidek, so'nggi yillarda O'zbekistonda davlat boshqaruvi va davlat xizmati tizimini isloh qilishga qaratilgan keng ko'lamli chora-tadbirlar amalga oshirildi. "Asosiy maqsad –samarali, shaffof va xalq manfaatlariga xizmat qiluvchi boshqaruv tizimini shakllantirishga yo'naltirildi. Mazkur sohadagi yutuqlar va salohiyat Samarqand shahrida o'tkaziladigan BMT Davlat xizmati forumida namoyon bo'lishi kutilmoqda", – deyilgan nashrlarda.

Qayd etilganidek, ushbu forum O'zbekistonda ilk bor tashkil etiladi va bu mamlakat uchun muhim ahamiyatga ega. Forumning O'zbekistonda o'tkazilishi BMTning O'zbekiston bilan davlat xizmati sohasida shakllanayotgan mustahkam hamkorligining amaldagi namunasidir.

"Forum barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda davlat sektori imkoniyatlarini kengaytirish, uning inson kapitali va texnologik salohiyatini mustahkamlashga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir. anjumanda dunyoning turli mamlakatlaridan yuqori lavozimdagi davlat xizmatchilari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, fuqarolik jamiyati va ilmiy-akademik doira vakillari, kompaniyalar hamda innovatsiya yetakchilari ishtirok etishi kutilmoqda", – deya urg'ulanadi maqolalarda.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish