Germaniya OAV: O'zbekiston terma jamoasi o'z tarixida ulkan burilish yasadi va birinchi marta futbol bo'yicha Jahon chempionatiga yo'llanma oldi
Iyun 18, 2025. 19:47 • 3 daq
• 55
BERLIN, 18-iyun. /"Dunyo" AA/. Germaniyaning "Der Spiegel", "Bild", "Frankfurter Allgemeine Zeitung", "Die Welt", "Deutschlandfunk" radiosi, "ZDF" telekanali, "kicker" va boshqa yetakchi ommaviy axborot vositalarida futbol bo'yicha O'zbekiston milliy terma jamoasining o'z tarixida ilk marotaba Jahon chempionatiga yo'llanma olgani haqidagi turkum maqolalar e'lon qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Nemis nashrlari O'zbekiston milliy terma jamoasi 2026-yilgi futbol bo'yicha Jahon chempionatiga ilk bor yo'llanma olishga muvaffaq bo'lganini, mazkur tarixiy yutuq nafaqat O'zbekistonda, balki xalqaro miqyosda, xususan, Germaniyada ham yuqori baholanganini yozgan.
Jumladan, "Bild" gazetasi "Tarix yozildi!", "kicker" sport jurnali "Tarixiy voqea: O'zbekiston... ilk marotaba Jahon chempionatida", nufuzli "FAZ" "Jahon chempionatida debyutantlar: Unda O'zbekiston va Iordaniya ishtirok etadi" sarlavhali maqolalarni mushtariylar e'tiboriga taqdim qildi.
Nemis OAV qayd etganidek, O'zbekiston terma jamoasi o'z tarixida ulkan burilish yasadi. O'zbekiston birinchi marta futbol bo'yicha Jahon chempionatiga yo'llanma oldi. BAA bilan kechgan bahsda 0:0 hisobidagi g'alabaga teng durang qayd etildi.
"Prezident Shavkat Mirziyoyev terma jamoa a'zolariga yo'llagan tabrigida ushbu yutuq milliy sport solnomasiga oltin harflar bilan bitiladigan yorqin natija, deb atadi. O'zbekiston milliy terma jamoasining har to'rt yillikning yirik turnirida ishtirok etish huquqini qo'lga kiritgani butun mamlakatda katta xursandchilik bilan kutib olindi", – deyilgan materiallarda.
Germaniya OAV O'zbekiston milliy terma jamoasi tarkibida Yevropaning nufuzli klublarida to'p surayotgan iste'dodli futbolchilar borligiga urg'u bergan. Xususan, Angliyaning "Manchster City" futbolchisi Abduqodir Husanov va Italiyaning "Roma" hujumchisi Eldor Shomurodov faoliyatiga e'tibor qaratilgan.
"Der Spiegel" tarqatgan materialda, O'zbekiston terma jamoasi Eronga qarshi o'yinda ham ikki bor hisobda oldinga chiqib, kuchli raqibni qiyin vaziyatga qoldirgani – bu jamoa o'yinchilarining darajasi juda yuqori ekanligi va kelgusida ular har qanday jamoaga munosib raqobat ko'rsata olishlari urg'ulangan.
"kicker" nashri mamlakat futbol tarixiga nazar tashlab, O'zbekiston 1994-yilda FIFAga a'zo bo'lgandan keyin 31 yillik uzoq yo'lni bosib o'tganini qayd etadi.
Shuningdek, maqolalarda, O'zbekiston terma jamoasi tarixan favorit bo'lib kelmasada kuchli raqiblarga qarshi har doim munosib o'yin ko'rsatgani ta'kidlangan. Saralash o'yinlardagi muvaffaqiyatni bevosita chempionat ishtirokchilari soni kengayganining natijasi sifatida talqin qilmaslik, holbuki, mamlakat saralash guruhidan ikkinchi o'rin bilan chiqqani e'tirof etilgan.
"Bu, shubhasiz, O'zbekiston futboli tarixida katta marradir, – deb yozadi "kicker" nashri dastlabki yo'llanmaning ahamiyatini urg'ulab.
Germaniya OAV, shuningdek, O'zbekistonda ushbu sport turiga davlat siyosati darajasida e'tibor qaratilayotganini va bu olamshumul yutuq futbolga kiritilayotgan investitsiyalarning samarasi ekanini ta'kidlagan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Oʻzbekiston delegatsiyasi ayollar muloqoti forumida ishtirok etdi
"Europa Press": Ispaniya va O'zbekiston qishloq xo'jaligi sohasida memorandum imzoladi
O'zbek milliy qadriyatlari "Charity Bazaar" xayriya festivalida e'tirof etildi