Logo

Xorijiy OAV Samarqandda bo'lib o'tadigan "Markaziy Osiyo – Ko'rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi" sammiti haqida

Aprel 25, 2025. 10:07 • 3 daq

141
Xorijiy OAV Samarqandda bo'lib o'tadigan "Markaziy Osiyo – Ko'rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi" sammiti haqida

TOSHKENT, 25-aprel. /"Dunyo" AA/. Misrning yetakchi elektron nashrlari – "Sada El Balad" va "Al Diplomacy", Kuvaytning "Q8 press", Iordaniyaning "Ammon news" nashrlarida O'zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov hamda Saudiya Arabistonining "Gulf Research Center" tadqiqot markazi direktori Abdulaziz Sagerning "Markaziy Osiyo va KADHK: tarixiy aloqalardan strategik sheriklikgacha" sarlavhali maqolasi e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Maqolada Markaziy Osiyo va Ko'rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi (KADHK) mamlakatlari o'rtasidagi jadal rivojlanayotgan munosabatlar har tomonlama tahlil qilingan, ikki mintaqa o'rtasidagi strategik sheriklik istiqbollari belgilab berilgan.

"Ushbu jarayondagi burilish nuqtasi 2023-yil 19-iyulda Jidda shahrida bo'lib o'tgan KADHK va Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining birinchi tarixiy sammiti bo'lib, uzoq muddatli strategik hamkorlikka asos soldi", – deb yozadi mualliflar.

Ushbu muloqotning ikkinchi sammitini Samarqand shahrida o'tkazish rejalashtirilgan. Sammit o'tkaziladigan joy sifatida Samarqandning tanlanishi shaharning sivilizatsiyalar chorrahasi sifatidagi tarixiy rolini ta'kidlaydi.

Siyosiy muloqotni chuqurlashtirish, madaniy-tarixiy aloqalarga o'zaro manfaatdorlik va qulay geostrategik joylashuv bilan to'ldiriladigan Markaziy Osiyo KADHK davlatlarining iqtisodiy imkoniyatlari ushbu hamkorlik formatining strategik ahamiyatini oshiradi", – deyilgan maqolada.

Mualliflarning ta'kidlashicha, Markaziy Osiyoda KADHK investitsiyalarining umumiy hajmi so'nggi yillarda barqaror o'sishni ko'rsatib, 2022-yildan buyon qariyb uch baravar ko'paygan.

Tahlilchilar ta'kidlaganidek, turizm sohasida katta muvaffaqiyatlarga erishildi. Xususan, Markaziy Osiyo KADHK turistlari uchun jozibali manzilga aylanmoqda. Masalan, 2023-yilda O'zbekistonga KADHK mintaqasidan 8,3 mingdan ortiq, 2024-yilda esa 12 ming nafar (2023-yilga nisbatan o'sish 44,5 foiz) sayyoh tashrif buyurgan.

Mualliflar, shuningdek, salohiyati hali to'liq ochilmagan ko'p tomonlama kelishuvlar orqali savdoni kengaytirish, transport loyihalarini amalga oshirish, infratuzilma va yuqori texnologiyalarga sarmoyalarni jalb qilish, agrosanoat kompleksini rivojlantirish, shuningdek, raqamli transformatsiya kabi hamkorlikning istiqbolli yo'nalishlariga alohida e'tibor qaratgan.

Yana bir muhim yo'nalish, yetakchi tahlil markazlari rahbarlarining fikricha, ilmiy va intellektual hamkorlikni kuchaytirishdir. "Ikki mintaqaning ilmiy-tadqiqot institutlari va tahlil markazlari o'zaro munosabatlarni rivojlantirishning ustuvor yo'nalishlarini belgilashda alohida o'rin tutishi kerak", – deya qayd etadi mualliflar.

Shu munosabat bilan yaqin kunlarda Toshkentda "Markaziy Osiyo va KADHK o'rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlash: tarixiy aloqalardan keng qamrovli hamkorlik sari" mavzusida Markaziy Osiyo va KADHK mamlakatlari tahlil markazlarining birinchi forumini o'tkazish rejalashtirilmoqda, unda ikki mintaqaning yetakchi "aql markazlari" ishtirok etish istagini bildirgan.

Birinchi mintaqalararo forum tashkilotchilari O'zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda Saudiya Arabistonining "Gulf Research Center" tadqiqot markazi hisoblanadi.

"Umuman olganda, Markaziy Osiyo va KADHK o'rtasidagi hamkorlik haqiqiy strategik istiqbollarni ochadi. Birlashtiruvchi tamoyil nafaqat madaniy va tarixiy yaqinlik, balki iqtisodiyotlarning bir-birini to'ldiruvchi xususiyatidir", – deb yozgan Eldor Aripov va Abdulaziz Sager.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish