Logo

"SunMedia" AA: Jahon investorlari Toshkentda to'plandi

Iyun 14, 2025. 11:00 • 2 daq

69
"SunMedia" AA: Jahon investorlari Toshkentda to'plandi

SINGAPUR, 14-iyun. /"Dunyo" AA/. Singapurning "SunMedia" axborot agentligi "Jahon investorlari Toshkentda to'planmoqda: O'zbekistonda tarixiy investitsiya forumi o'tkazilmoqda" sarlavhali  maqolani e'lon qildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Nashr avvalida O'zbekiston poytaxtida yetakchi xalqaro investorlar, hukumatlar, moliya institutlari va biznes vakillarini birlashtirgan mintaqaviy sarmoyaviy kun tartibidagi muhim voqea – IV Toshkent xalqaro investitsiya forumi bo'lib o'tgani ma'lum qilingan.


"2025-yilgi forum misli ko'rilmagan keng ko'lamli formatda o'tkazilmoqda: bu yilgi tadbirda 100 ga yaqin davlatdan 3000 nafarga yaqin xorijlik mehmonlarni o'z ichiga olgan holda jami 8000 dan ortiq ishtirokchilar qatnashmoqda. Forum mintaqaviy iqtisodiy kun tartibida muhim voqeaga aylandi", – deyiladi materialda.


Anjumanning rasmiy ochilish marosimida hukumat, moliya va sanoat sohalaridagi yetakchi vakillar yangi imkoniyat va hamkorlik yo'nalishlarini muhokama qilish uchun yig'ilgan. Forumda Bolgariya Prezidenti Rumen Radev, Slovakiya Bosh vaziri Robert Fitso, Qozog'iston Bosh vaziri Oljas Bektenov, Markaziy Osiyo davlatlari yuqori darajali rasmiylari hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso va Yangi taraqqiyot banki prezidenti Dilma Rusef ishtirok etdi.


Qayd etilishicha, forum bir necha kun davom etadi va panel muhokamalari, ikki tomonlama uchrashuvlar, loyihalar taqdimotlari hamda xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan shartnomalar imzolanishini o'z ichiga oladi. Shuningdek, forum doirasida ilk bor O'zbekiston milliy sanoat va investitsiya salohiyati ko'rgazmasi tashkil etildi. Unda neft-kimyo, mashinasozlik, qurilish, oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash kabi sohalardagi 90 ta mahalliy kompaniya investitsiya uchun tayyor loyihalarini namoyish etmoqda.


"ACWA Power, Uzum, Koc Construction va Yandex Uzbekistan kabi yirik kompaniyalarning homiy sifatida ishtirok etishi hamda bank, energetika va texnologiya sohalaridagi oltin va kumush toifasidagi homiylar forumning O'zbekiston biznes muhitiga bo'lgan ishonchni yana-da tasdiqlamoqda", – deb ta'kidlangan manbada.


Ma'lum qilinishicha, forum 100 dan ortiq jurnalist va xalqaro media vakillari tomonidan yoritilmoqda. Ular orasida CNN, The Guardian va Al Jazeera kabi yetakchi OAV vakillari bor.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish