Logo

"Eurasia Magazine" jurnali: O'zbekiston va Vengriya atrof-muhitni muhofaza qilish va barqaror rivojlanish sohasida sheriklikni mustahkamlashga qat'iy intilishni namoyish etmoqda

May 18, 2025. 11:30 • 2 daq

63
"Eurasia Magazine" jurnali: O'zbekiston va Vengriya atrof-muhitni muhofaza qilish va barqaror rivojlanish sohasida sheriklikni mustahkamlashga qat'iy intilishni namoyish etmoqda

BUDAPESHT, 18-may. /"Dunyo" AA/. Vengriyaning "Eurasia Magazine" jurnalida "O'zbekiston va Vengriya: o'zaro manfaatli ekologik hamkorlikning yangi ufqlari" sarlavhali maqola chop etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Maqolada O'zbekiston va Vengriya atrof-muhitni muhofaza qilish va barqaror rivojlanish sohasida birgalikda yutuqlarga erishish uchun mustahkam poydevor yaratish borasidagi sheriklikni mustahkamlashga qat'iy intilishini namoyish etayotgani ta'kidlangan. So'nggi yillarda ikki davlat o'rtasidagi hamkorlik ham ikki tomonlama, ham ko'p tomonlama formatlarni qamrab olgan holda jadal rivojlandi.

"2022-yil 4-oktyabrda O'zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi vazirligi hamda Vengriya Texnologiya va sanoat vazirligi o'rtasida o'zaro anglashuv memorandumining imzolanishi ekologik muloqotni rivojlantirish yo'lidagi muhim qadamlardan biri bo'ldi. Mazkur hujjat atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida tizimli tajriba almashish, qo'shma loyihalarni amalga oshirish va institutsional o'zaro hamkorlikning boshlanish nuqtasidir", – deb yozgan muallif.

Nashrda mazkur yo'nalishda ikki davlat yoshlari o'rtasidagi hamkorlik ham faol rivojlanayotgani qayd etilgan. Xususan, 2024 yil iyun oyida Ekologiya vazirligi, YUNISEF, BMT TD, FAO va boshqa hamkorlar ko'magida Samarqand shahrida tashkil etilgan Xalqaro ekologik oromgohda vengriyalik ekologlar ishtirok etdi. Mazkur tadbir ikki davlat yoshlari o'rtasidagi aloqalarni mustahkamlab, atrof-muhit kelajagi uchun mas'ul bo'lgan yangi avlod yetakchilarini shakllantirishga zamin yaratdi.

Bundan tashqari, 2025-yil 5-aprel kuni bo'lib o'tgan Samarqand xalqaro iqlim forumi doirasida Vengriya va Markaziy Osiyo davlatlari vakillari ishtirokida yoshlar sessiyasi bo'lib o'tdi. Yosh faollar, vazirlar va ekspertlar o'rtasidagi muloqot global iqlim muammolariga qarshi kurashish bo'yicha sa'y-harakatlarni birlashtirish zarurligi va tayyorligini tasdiqladi.

O'sib borayotgan o'zaro hamkorlik fonida Vengriya tomoni bilan suv sifati monitoringi, "yashil" urbanizatsiya, iqlim siyosati hamda ilmiy va ta'lim sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirishning yangi yo'nalishlari paydo bo'ldi.

Maqola "Ekologiya sohasidagi O'zbekiston-Vengriya hamkorligi barqaror rivojlanish va atrof-muhitni muhofaza qilish bo'yicha umumiy sadoqat turli tarix va geografiyaga ega bo'lgan mamlakatlarni birlashtirishi mumkinligiga misoldir. Bunday hamkorlikni kengaytirish har ikki davlatning milliy manfaatlariga javob beradi va iqlim o'zgarishiga qarshi kurashish va tabiiy resurslarni asrash bo'yicha global maqsadlarga erishishga xizmat qiladi", – degan so'zlar bilan yakunlangan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish