Logo

"Q8 Press": O'zbekiston qayta tiklanadigan energetikani rivojlantirishga alohida e'tibor qaratmoqda

Iyun 16, 2025. 10:14 • 3 daq

54
"Q8 Press": O'zbekiston qayta tiklanadigan energetikani rivojlantirishga alohida e'tibor qaratmoqda

AL-KUVAYT, 16-iyun. /"Dunyo" AA/. Kuvaytning elektron nashrida "O'zbekistonda energetika sohasidagi o'zgarishlar: bozor mexanizmlariga bosqichma-bosqich o'tish" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"2017-yildan buyon O'zbekistonda energetika sohasida samaradorlikni oshirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish va bozor mexanizmlariga o'tishga qaratilgan keng ko'lamli islohotlar amalga oshirilmoqda, – deyiladi maqolada. – 2017-yildan 2024-yilgacha bo'lgan davrda elektr energiya sohasining normativ-huquqiy bazasini mustahkamlashga qaratilgan keng qamrovli islohotlar amalga oshirildi, jumladan, 8 ta qonun, O'zbekiston Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining 90 tadan ortiq hujjatlari qabul qilindi".

Qayd etilishicha, 2016-2024-yillarda mamlakatda elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 38%ga oshib, 2016-yildagi 59 mlrd kVt/soatdan 2024-yilda 81,5 milliard kVt/soatga yetdi.

Shu bilan birga, aholi jon boshiga to'g'ri keluvchi elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 18%ga oshib, 2200 kVt/soatga yetdi. Oxirgi yetti yilda o'tgan 25 yildagi energiya hajmidan 3 barobar ko'p –11 ming MVt yangi ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirildi.

"Iqtisodiyotning jadal sur'atlarda o'sib borayotganiga qaramay, mamlakatda ishlab chiqarilgan mahsulot yoki xizmat uchun kamroq energiya sarflashga erishildi. Xususan, 2017-yildan 2024-yilgacha mamlakatning yalpi ichki mahsuloti 55%ga oshgan bo'lsa, ushbu davrda bir birlik ishlab chiqarish uchun energiya sarfi 7,4%ga kamaydi. Boshqacha aytganda, iqtisodiyot kamroq energiya xarajatlari bilan ishlay boshladi – sanoat, xizmat ko'rsatish va qishloq xo'jaligi resurslardan yana-da oqilona foydalanishga o'tdi", – deb yozgan muallif.

Materialda O'zbekistonda kayta tiklanadigan energetikani rivojlantirishga alohida e'tibor qaratilayotgani alohida ta'kidlangan. .2024-yil yakuniga qadar O'zbekistonning 10 ta viloyatida umumiy quvvati 4,1 ming MVt bo'lgan 14 ta quyosh va 3 ta shamol elektr stansiyasi ishga tushirildi. 2024-yilda ishlab chiqarilgan "yashil" elektr energiyasi hajmi 4,9 milliard kVt/soatni tashkil etdi.

 Nashrda o'sib borayotgan talabni hisobga olgan holda barqaror bozor mexanizmlarini yaratish va investitsiyalarni jalb etishga qaratilgan tariflarning erkinlashtirilishi energetika sohasidagi keng ko'lamli islohotlarning davomi bo'lgani urg'ulangan.

"Shu munosabat bilan, O'zbekiston Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan 2024-yil may oyida joriy etilgan ijtimoiy iste'mol normasiga asoslangan yangi tarif siyosatining uy xo'jaliklarining energiya iste'moliga ta'sirini baholash bo'yicha tadqiqot o'tkazildi. Tadqiqotda respublikaning barcha hududlaridan 3516 ta uy xo'jaliklari ishtirok etdi. Shuningdek, 3,5 million tabiiy gaz va 8 million elektr energiyasi abonentlarining iste'mol ma'lumotlari tahlil qilindi. Bu esa, energiya iste'moli tarkibi va tariflar o'zgarishiga aholining munosabatini tushunish imkonini beradi",– deyilgan materialda.

"Q8 Press" elektron nashrida joylashtirilgan maqolada yozilishicha, tahlil natijalari ko'ra, 2024-yil may oyida joriy etilgan ijtimoiy normaga asoslangan yangi tariflar natijasida aholining energiya iste'molida iqtisod qilish sezilarli o'zgargan. Xususan, may-dekabr oylarida elektr energiyasi iste'moli 2023-yilning mos davriga nisbatan 1,3 mlrd kVt*soatga (-10,6%) qisqargan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish