Logo

Misrning yetakchi OAV O'zbekiston Prezidentining Vengriya va Sloveniyaga rasmiy tashrifi haqida yozmoqda

May 23, 2025. 12:46 • 2 daq

64
Misrning yetakchi OAV O'zbekiston Prezidentining Vengriya va Sloveniyaga rasmiy tashrifi haqida yozmoqda

QOHIRA, 23-may. /"Dunyo" AA/. Misrning yetakchi ommaviy axborot vositalari O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 19-22-may kunlari Vengriya va Sloveniyaga bo'lib o'tayotgan rasmiy tashrifini keng yoritmoqda, deb xabar qilyapti "Dunyo" AA muxbiri.

Jumladan, ushbu mamlakatning "Sada al-Balad" axborot agentligi "O'zbekiston va Vengriya: strategik sheriklikning yangi davri" sarlavhali maqolani tarqatdi. Unda O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19-21-may kunlari rasmiy tashrif bilan Vengriyada bo'lishi hamda tashrif davomida Turkiy davlatlar tashkilotining Budapesht shahrida bo'lib o'tadigan norasmiy sammitida ishtirok etishi ma'lum qilingan.

"O'zbekiston va Vengriya o'rtasida diplomatik munosabatlar mamlakatimiz istiqlolga erishganidan ko'p o'tmay, ya'ni 1992-yil 14-martda o'rnatilgan. O'shandan beri ikki tomonlama munosabatlar rasmiy o'zaro hamkorlikdan konstruktiv va o'zaro hurmatga asoslangan muloqotni yo'lga qo'yishgacha bo'lgan muhim evolyutsiyani boshidan kechirdi. 2021 yil mart oyida Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning Toshkentga buyurgan tashrifi yakunlari bo'yicha Strategik sheriklik to'g'risidagi qo'shma deklaratsiya imzolandi va u zamonaviy jadal hamkorlik uchun mustahkam poydevor yaratdi. Ushbu hujjatda tomonlarning munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish niyatlari qayd etilgan", –deb yozilgan maqolada.

Misrning "Al-Diplomasi" axborot agentligi esa "O'zbekiston-Sloveniya: 30 yillik sheriklik va hamkorlikning yangi ufqlari" sarlavhali maqolani arab va ingliz tillarida o'z o'quvchilari e'tiborga taqdim qildi. "O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21-22-may kunlari rasmiy tashrif bilan Sloveniyada bo'ladi, – ma'lum qilgan axborot agentligi. – Ushbu tashrif O'zbekiston-Sloveniya diplomatik munosabatlari o'rnatilganining 30 yilligi nishonlanadigan yilda amalga oshishi ramziy ma'noga ega. 1995-yil 16-yanvardan boshlab ikki tomonlama hamkorlik barqaror dinamikani namoyon etib, siyosiy, iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarni qamrab olgan holda izchil rivojlanib bormoqda.

"Ekspertlarning fikricha, O'zbekiston va Sloveniya o'rtasidagi siyosiy hamkorlik o'zaro hurmat va konstruktiv muloqot ruhida yana-da rivojlantirish va chuqurlashtirish uchun salmoqli salohiyatga ega", –deyilgan nashrda.

Misr OAV ta'kidiga ko'ra, diplomatik munosabatlar o'rnatilganining 30 yilligi nishonlanadigan yilda O'zbekiston va Sloveniya o'zaro hurmat hamda umumiy manfaatlarga asoslangan hamkorlikni yana-da mustahkamlash istagini namoyon etmoqda.

"Shu nuqtai nazardan, O'zbekiston Prezidentining Sloveniyaga bo'lajak tashrifining tig'iz kun tartibi, oliy darajadagi rejalashtirilgan uchrashuv va muzokaralar ikki tomonlama munosabatlarning yangi ufqlarini ochib, ularga jadal tus berishi, shubhasiz", – deb yozilgan "Al-Diplomasi" AA maqolasida.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish