Logo

Pokiston OAV: O'zbekiston tabiatga ehtiyotkorona munosabatda bo'lish orqali barqaror ekologik turizmni rivojlantirmoqda

May 28, 2025. 15:15 • 2 daq

48
Pokiston OAV: O'zbekiston tabiatga ehtiyotkorona munosabatda bo'lish orqali barqaror ekologik turizmni rivojlantirmoqda

ISLOMOBOD, 28-may. /"Dunyo" AA/.  Pokistonning "Daily Spokesman" gazetasi va "The World Ambassador" yangiliklar portalida "O'zbekistonning qadam yetmagan maskanlarini kashf eting: Ekoturizmning yashirin xazinalari" sarlavhali maqola chop etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda yurtimizning Surxondaryo va Namangan viloyatlarida joylashgan noyob turistik joylar – Sangardak sharsharasi, Omonxona va Chodak haqida batafsil ma'lumot berilgan.

Maqolada ta'kidlanishicha, mazkur tabiiy maskanlar O'zbekistonda ommaviy turizm markazlaridan yiroqda joylashgan bo'lsada, so'nggi yillarda ichki va xorijiy sayyohlar orasida katta qiziqish uyg'otmoqda. Ushbu maskanlar nafaqat go'zal manzaralari, balki inson bilan tabiat o'rtasidagi chuqur ruhiy aloqani tiklaydigan, sog'lomlashtiruvchi va ma'naviy boyituvchi makonlar sifatida tavsiflanadi.

Surxondaryo viloyatidagi Sangardak sharsharasi tabiatni sevuvchilar uchun haqiqiy kashfiyot sifatida ta'riflanadi. 50 metr balandlikdan oqib tushayotgan toza suv, uni o'rab turgan o'simliklar olami va tog'lar, har bir mehmonga tabiatdan zavqlanish baxtini ulashishi qayd etiladi.

"Bu go'zal tabiat manzarasi nafaqat ko'riladi, balki uning ohangi tinglanadi, shifobaxsh havosidan nafas olinadi, jo'shqin energiyasidan ruhiyat quvvatlanadi", – deyiladi maqolada.

Omonxona esa, Pokiston nashrlarida qayd etilishicha, "shunchaki dam olish joyi emas, balki inson tanasi va qalbiga shifo baxsh etadigan, tabiat va tarix uyg'unlashgan muqaddas makon"dir. Mahalliy aholi orasida bu yerdagi mineral suvlar "hayot eliksiri" nomini olgani, u ichki a'zolar faoliyatini yaxshilashi, asab tizimini tinchlantirishi va organizmni tozalashi e'tirof etilgan. Yildan-yilga salmog'i ortib borayotgan turistlar uchun zamonaviy qulayliklar yaratish maqsadida hozirda bu yerda zamonaviy sanatoriylar, mehmonxonalar va oilaviy dam olish maskanlari qurilayotgani ham ta'kidlab o'tilgan.

Maqolada alohida e'tibor qaratilgan yana bir manzil — Namangan viloyatidagi Chodak qishlog'i. 4000 yillik tarixga ega bu qishloq an'anaviy qishloq turmush tarzi – bog'dorchilik, hunarmandchilik va milliy oshxonasi an'analarini saqlab qolgani, bugungi kunda Chodakda 300 dan ortiq oilaviy mehmon uylari, bir necha dam olish maskanlari va 30 dan ziyod gastronomik turistik yo'nalishlar faoliyat yuritayotgani aytiladi.

Shuningdek, Pokiston ommaviy axborot vositalarida e'lon qilingan materiallarda O'zbekistonda ekologik turizmning kelajagi katta ekani, tabiatga ehtiyotkor munosabat asosida barqaror turizmni rivojlantirish mumkinligi alohida ta'kidlangan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish