Logo

Tojikiston OAV: Oliy darajadagi muloqotlarning izchil dinamikasi O'zbekiston-Xitoy sherikligini yana-da mustahkamlashga xizmat qilmoqda

Iyun 17, 2025. 12:28 • 2 daq

57
Tojikiston OAV: Oliy darajadagi muloqotlarning izchil dinamikasi O'zbekiston-Xitoy sherikligini yana-da mustahkamlashga xizmat qilmoqda

DUSHANBE, 17-iyun. /"Dunyo" AA/. Tojikistonning "Avesta" axborot agentligi "O'zbekiston va Xitoy: "Markaziy Osiyo – Xitoy" hamkorligi doirasida strategik sheriklikni chuqurlashtirish" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda so'nggi 10 yil davomida rasmiy Pekin Markaziy Osiyo mintaqasining barcha mamlakatlari bilan strategik sheriklik aloqalarini o'rnatgani va shu orqali davlatlar o'rtasidagi o'zaro hamkorlikni faol rivojlantirib kelayotgani haqida so'z yuritiladi.

"Qariyb 35 yil ichida O'zbekiston, Markaziy Osiyo davlatlari va Xitoy o'rtasidagi munosabatlarda ulkan o'zgarishlar yuz berdi. 2022-yil yanvar oyida bo'lib o'tgan "Markaziy Osiyo – Xitoy" onlayn sammitida qayd etilganidek, 1992-yildan buyon Xitoy va mintaqa mamlakatlari o'rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi va investitsiyalar deyarli 100 barobarga oshdi", – deb yoziladi maqolada.

 Nashrda ta'kidlanganidek, bugungi kunda Xitoy Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun eng yirik savdo-iqtisodiy hamkor va mintaqadagi xalqaro munosabatlarning asosiy ishtirokchisidir.

"Avesta" AA, shuningdek, 2016-yilda Shavkat Mirziyoyevning O'zbekiston Prezidenti etib saylanishi bilan O'zbekiston-Xitoy hamkorligi yana-da jadal rivojlanish trayektoriyasiga kirganiga urg'u bergan. Qayd etilishicha, bunga oliy darajadagi muntazam siyosiy muloqot ham, ikki davlat rahbarlari o'rtasida o'rnatilgan do'stona va ishonchli munosabatlar ham yordam bermoqda.

"Oliy darajadagi muloqotlarning izchil dinamikasi davlatlar o'rtasidagi aloqalarni yana-da mustahkamlashga yordam berdi. Xitoy Raisi Si Szinpin 2013-yildan buyon O'zbekistonga uch marta tashrif buyurdi. O'z navbatida, O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham 2017-yildan buyon Xitoyga uchta davlat va to'rtta rasmiy tashrifini amalga oshirdi. Davlat rahbarlarining xalqaro tashkilotlar sammitlari doirasidagi uchrashuvlari ham muntazam ravishda o'tkaziladi", – deb ta'kidlanadi maqolada.

Shuningdek, nashrda qayd etilishicha, faol savdo-iqtisodiy hamkorlik munosabatlarni rivojlantirishda muhim rol o'ynamoqda. 2024-yilda ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmi 13 milliard AQSh dollaridan oshdi, yaqin yillarda tomonlar uni 20 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilgan. 2017-2024-yillarda o'zlashtirilgan Xitoy investitsiyalarining umumiy hajmi esa 17,6 milliard AQSh dollarini tashkil etdi.

"2024-yil noyabr oyida Toshkent shahrida Xitoy Eksport-import bankining mintaqaviy ofisi ochildi. Bu esa o'zaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirish va muhim investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun ulkan istiqbollarni belgilab berdi", – deb yozilgan "Avesta" AA tarqatgan maqolada.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish