O'zbekiston va Xitoy mamlakatlarimiz xalqlari farovonligi yo'lida har tomonlama strategik sheriklikni mustahkamlash, o'zaro manfaatli hamkorlikni yangi bosqichga ko'tarishdan manfaatdor
Oktabr 17, 2023. 11:57 • 8 daq
• 1205
TOSHKENT, 17 oktyabr. /«Dunyo» AA/. O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Xalqaro aloqalar axborot-tahlil markazi (XAATM) bo'lim boshlig'i Zilola Yunusova O'zbekiston Prezidentining bugun Xitoyga boshlanadigan amaliy tashrifi arafasida «Dunyo» AA uchun sharhida ikki mamlakat o'rtasidagi aloqalarning holati va istiqbollarini izohladi:

-Bugungi kunda O'zbekistonning asosiy strategik hamkorlaridan biri Xitoy bo'lib, u bilan olib borilayotgan ko'p qirrali hamkorlik mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni ilgari surish, iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va aholi farovonligini yuksaltirishga muhim hissa qo'shmoqda. Xitoy bilan xalqaro maydondagi siyosiy muloqot va o'zaro hamkorlik O'zbekiston tashqi siyosati va tashqi iqtisodiy faoliyatining ustuvor yo'nalishlaridan biriga aylandi.
O'zbekiston va Xitoy o'zaro siyosiy ishonchni muttasil mustahkamlab, teng huquqlilik, o'zaro hurmat va manfaatlarni hisobga olish asosida ikki tomonlama munosabatlarni tobora rivojlantirmoqda.
Bunda munosabatlarning rivojlangan huquqiy bazasi muhim o'rin tutadi. Diplomatik munosabatlar o'rnatilganidan o'tgan 30 yildan ortiq vaqt mobaynida ikki davlat o'rtasida 113 ta davlatlararo va hukumatlararo shartnomalar, jumladan, 2013 yil sentyabr oyida imzolangan O'zbekiston Respublikasi bilan Xitoy Xalq Respublikasi o'rtasida Do'stlik va hamkorlik to'g'risidagi shartnoma tuzilgan.
Mamlakatlarimiz o'rtasida 2012 yil iyun oyida o'rnatilgan strategik sheriklik munosabatlari 2022 yil sentyabr oyida «yangi davrda keng qamrovli strategik sheriklik» darajasiga ko'tarilgani tomonlarning ikki tomonlama hamkorlikni zamon talablariga binoan yangi mazmun bilan to'ldirishga bo'lgan intilishlarini ifodalaydi.
Strategik sheriklikning jadal rivojlanishi eng yuqori darajadagi doimiy muloqotni ta’minlaydi. Faqat 2016-2023 yillarning o'zida ikki davlat rahbarlarining 10 dan ortiq uchrashuvlari va telefon orqali muloqotlari bo'lib o'tdi. Ikki tomonlama sheriklik munosabatlarini muhim amaliy mazmun bilan to'ldirishga, avvalambor, shu yillarda O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xitoyga va Xitoy Raisi Si Szinpinning mamlakatimizga amalga oshirgan tashriflari yordam berdi.
Mamlakatlar o'rtasidagi siyosiy muloqot va amaliy hamkorlik faol parlamentlararo almashinuvlar, Hukumatlararo hamkorlik qo'mitasining muntazam yig'ilishlari va Tashqi ishlar vazirliklari o'rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlar orqali ham mustahkamlanmoqda.
O'zbekiston va Xitoy xalqaro va mintaqaviy kun tartibining muhim masalalari bo'yicha o'xshash mavqe’ni egallagan, BMT, SHHT va boshqa ko'p tomonlama munosabatlar doirasida yaqin aloqalar va o'zaro hamkorlikni davom ettirmoqda. O'zbekiston va Xitoy 2021-2023 yillarga mo'ljallangan BMT Inson huquqlari kengashi a’zoligiga nomzodlarni o'zaro qo'llab-quvvatladi. Pekin BMT doirasida O'zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Markaziy Osiyo mintaqasida barqaror rivojlanish bo'yicha xalqaro hamkorlikni, ta’lim va diniy bag'rikenglikni ta’minlash, Markaziy Osiyoda turizmni rivojlantirish, Orolbo'yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi deb e’lon qilish, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlarning roli va boshqa masalalarga oid rezolyusiyalarni qo'llab-quvvatladi.
Keyingi yillarda davlat rahbarlari darajasiga ko'tarilgan Markaziy Osiyo davlatlari va Xitoy o'rtasidagi munosabatlar formati xalqaro hamkorlikning istiqbolli yo'nalishiga aylanib bormoqda. 2023 yil may oyida Sian shahrida mintaqa davlatlari va Xitoy yetakchilarining muvaffaqiyatli o'tkazilgan sammiti ham mintaqaviy hamkorlikka, ham O'zbekiston va Xitoy o'rtasidagi muhim qo'shma loyihalarni ilgari surishga yangi turtki berdi.
Xitoyning «Bir makon, bir yo'l» tashabbusini ilgari surish bo'yicha ikki davlat o'rtasidagi faol hamkorlik ham strategik sheriklikning yuksak darajasidan dalolat berdi. O'zbekiston birinchilar qatorida xalqaro transport aloqalarini mustahkamlash, keng savdo, sarmoyaviy va gumanitar almashinuvini rivojlantirishga qaratilgan ushbu megaloyihani qo'llab-quvvatladi. 2017 va 2019 yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev dastlabki ikki «Makon va yo'l» xalqaro hamkorlik forumida ishtirok etib, Ipak yo'li iqtisodiy kamarini birgalikda barpo etish bo'yicha muhim tashabbuslarni ilgari surdi.
Ayni paytda O'zbekiston va Xitoy o'rtasida ko'p tarmoqli iqtisodiy hamkorlik yo'lga qo'yilgan. O'zaro tovar ayirboshlash hajmi 8,9 milliard dollarni tashkil etdi. Xitoy ko'p yillar davomida O'zbekistonning eng yirik savdo sheriklaridan biri bo'lib, uning respublika tashqi savdosidagi hissasi 18 foizni tashkil etadi.
Qo'shma investisiya loyihalari neft-gaz, to'qimachilik, telekommunikatsiya, qishloq xo'jaligi, farmasevtika hamda kimyo sanoati va qurilish materiallari sohalarini qamrab oladi. Shu bilan birga, mamlakatimizda iqtisodiy islohotlarning izchil davom ettirilishi bilan hamkorlikning salohiyatli yo'nalishlari ro'yxati kengaydi.
2017-2022 yillarda o'zlashtirilgan Xitoy investisiyalarining umumiy hajmi 10,9 milliard dollarni tashkil etdi. 2008-2022 yillarda 51 ta loyihani amalga oshirish uchun Xitoy Hukumatining 246,3 million dollar miqdoridagi grant mablag'lari jalb etildi.
18-19 may kunlari Sian shahrida bo'lib o'tgan O'zbekiston-Xitoy biznes forumi va yarmarkasi davomida umumiy qiymati 26,5 milliard dollarlik 210 ta investisiya bitimi va savdo shartnomalari imzolandi. 2017 yildan buyon Xitoyning «Jinsheng Group» konglomerati O'zbekistondagi to'qimachilik fabrikasiga sarmoya kiritib kelmoqda va uning 95 foiz mahsuloti xorijga eksport qilinadi. «Xin Zhong Yuan Ceramics» kompaniyasi O'zbekistonda 150 million dollarlik keramika ishlab chiqarish liniyasini ishga tushirdi.
«Xitoy – Markaziy Osiyo» gaz quvuri, Qo'ng'irot soda zavodi va Dehqonobod kaliyli o'g'itlar zavodi, Angren issiqlik elektr stansiyasini modernizatsiya qilish kabi qo'shma strategik loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. «Jizzax» erkin iqtisodiy zonasining Sirdaryo viloyatidagi filiali negizida Xitoy sarmoyasi ishtirokidagi «Peng Sheng» sanoat parki kengaymoqda. Unda Xitoy xususiy kapitalining O'zbekistonning xom-ashyo bo'lmagan sektoridagi eng yirik investisiya loyihalari jamlangan.
Xususan, ushbu parkda Xitoyning «ZTE» kompaniyasi Markaziy Osiyoda smartfonlar ishlab chiqarish bo'yicha birinchi liniyani qurdi, shuningdek, «Peng Sheng» qo'shma korxonasi va Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tomonidan mahalliy xomashyo asosida yiliga 2 millionga yaqin suv jihozlari ishlab chiqaradigan «AWP» zavodi ochildi.
O'zbekistonning sanoat va qishloq xo'jaligi ishlab chiqarishini yuksaltirishga qaratilgan yo'li, yashil iqtisodiyotga, raqamli va innovasion rivojlanishga o'tishi, shuningdek, mintaqaviy siyosat va tashqi iqtisodiy diplomatiya sohasida erishilgan yutuqlar O'zbekiston-Xitoy hamkorligi yo'nalishlarini kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar ochdi.
Birinchidan, bugungi kunda Xitoy O'zbekiston uchun «yashil» iqtisodiyotni rivojlantirish, jumladan, muqobil ishlab chiqarish manbalarini rivojlantirish va ushbu maqsadlar uchun zamonaviy uskunalar sotib olish bo'yicha muhim hamkordir.
Shu yilning iyun oyida Xitoyning «China Energy» kompaniyasi bilan Qashqadaryo va Buxoro viloyatlarida umumiy quvvati 1 GVt bo'lgan quyosh fotoelektr stansiyalarini (PVS) qurish bo'yicha kelishuvga erishildi.
Navoiy viloyatida «Masdar» kompaniyasi (Birlashgan Arab Amirliklari) tomonidan 111ta shamol turbinasi o'rnatiladigan shamol elektr stansiyasini qurish loyihasi amalga oshirilmoqda. 4,7 MVt quvvatga ega birinchi shamol generatorini Xitoyning «Goldwind» kompaniyasi o'rnatib berdi. Xitoyning «Huaneng renewables Corporation» va «Poly Technologies» kompaniyalari konsorsiumi bilan Jizzax va Toshkent viloyatlarida umumiy quvvati 2000 MVt bo'lgan quyosh fotoelektrstansiyalarini qurish bo'yicha hamkorlik shartnomasi amalga oshirilmoqda.
Xitoyning IT giganti «Huawei» bilan quyosh stansiyalari uchun uskunalar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish imkoniyatlari to'g'risida muzokaralar olib borilmoqda. «Huawei» kompaniyasining O'zbekistondagi direktori Chen Jiakayning so'zlariga ko'ra, kompaniya tijorat va sanoat tarmoqlarida, shuningdek, O'zbekiston hududida yirik elektr stansiyalari va maishiy quyosh elektr stansiyalari uchun fotovoltanika va energiyani saqlash texnologiyasini joriy etish bo'yicha loyihalarni joriy etish va ishtirok etish tajribasiga ega.
Ikkinchidan, transport va logistika sohasi o'zaro hamkorlikning an’anaviy va istiqbolli sohasi bo'lib qolmoqda. Xitoyning transport va boshqa infratuzilmani rivojlantirishni rag'batlantiruvchi «Makon va yo'l» tashabbusi O'zbekistonning transport tarmog'ini diversifikatsiya qilish va yangi eksport bozorlariga chiqish uchun yaxshi imkoniyatlar yaratdi.
2016 yilda XXR Raisi Si Szinpinning O'zbekistonga tashrifi chog'ida mamlakatimizning markaziy hududlarini Farg'ona vodiysi bilan bog'lagan Angren–Pop temir yo'lida birgalikda qurilgan 19 kilometrlik tunnel foydalanishga topshirildi. «Toshkent–Andijon–O'sh–Irkeshtom–Qashg'ar» avtomobil yo'li orqali multimodal yuk tashish faollashtirilmoqda. Hozirgi kunda Xitoy – Qirg'iziston – O'zbekiston temir yo'li qurilishi loyihasi bo'yicha uch tomonlama asosda ishlar olib borilmoqda. Ushbu loyihaning amalga oshirilishi respublikaning iqtisodiy rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko'rsatadi va «Makon va yo'l»ning asosiy yo'laklaridan biri bo'lgan Xitoy-Markaziy Osiyo-Gʻarbiy Osiyo iqtisodiy koridorini shakllantirishning muhim bo'g'iniga aylanadi.
Uchinchidan, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish bo'yicha tajriba almashish ikki tomonlama hamkorlikning muhim yo'nalishi bo'lib bormoqda. O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning may oyida Markaziy Osiyo va Xitoy davlat rahbarlarining Sian shahrida bo'lib o'tgan sammitida qilgan nutqida aholi turmush darajasini oshirish va qashshoqlikka qarshi kurash samaradorligini oshirish bo'yicha markaziy vazifani hal etishda Xitoyning ilg'or tajribasidan faol foydalanilayotganini ta’kidladi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Xitoyning 40 yildan ortiq islohot va ochiqlik siyosati davomida 800 milliondan ortiq kishi qashshoqlikdan chiqarildi va uning umumiy darajasi 1978 yildagi 97,5 foizdan 2019 yil oxiriga kelib 0,6 foizga kamaydi. Xitoyning bu boradagi yutuqlari global qashshoqlik darajasini pasaytirishning 70 foizini ta’minladi.
Bugungi kunda O'zbekistonda bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko'tarish uchun samarali va amaliy chora-tadbirlar ko'rish ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Shu munosabat bilan 2020 yildan buyon mamlakatimizda, jumladan, Xitoy tajribasini hisobga olgan holda, aholining ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini yaxshilash bo'yicha tizimli chora-tadbirlar ishlab chiqildi va amalga oshirildi, buning natijasida birgina 2022 yil yakuniga ko'ra 1 million kishi qashshoqlikdan chiqarildi. Davlatning kambag'allikni kamaytirish bo'yicha majburiyati joriy yilning aprel oyida o'tkazilgan referendum yakunlari bo'yicha qabul qilingan yangilangan Konstitusiyada mustahkamlangan.
Hozirgi kunda qishloq va ekologik jihatdan noqulay hududlarda kambag'allikni kamaytirish bo'yicha Xitoy tajribasidan kelib chiqib, O'zbekistonning har bir viloyatining bir tumanida qashshoqlikka qarshi kurashish bo'yicha alohida dasturni amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Xitoylik ekspertlar ishtirokida O'zbekistonning 14 ta hududida qashshoqlikni qisqartirishni ta’minlash bo'yicha 18 ta maqsadli ijtimoiy-iqtisodiy loyihalar tayyorlandi.
Xitoy Raisi Si Szinpin 2022 yil sentyabr oyida O'zbekistonga tashrifiga bag'ishlangan maqolasida ta’kidlaganidek, «ikki ming yillik do'stona almashinuv tarixi va o'zaro manfaatli hamkorlikning 30 yillik amaliyoti har tomonlama hamkorlikni mustahkamlash zamon talablariga va ikki mamlakat va xalqlarning tub manfaatlariga mos kelishini ko'rsatmoqda. Biz o'tmish va kelajak chorrahasida turib, Xitoy-O'zbekiston munosabatlarining kelajagiga umid va ishonch bilan qaraymiz».
Umuman olganda, ikki davlat o'rtasidagi siyosiy-diplomatik hamkorlik, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalar jadal sur’at kasb etdi. O'zbekiston va Xitoy bir-birini ishonchli hamkorlar deb biladi va mamlakatlarimiz xalqlari farovonligi yo'lida har tomonlama strategik sheriklikni mustahkamlash, o'zaro manfaatli hamkorlikni yangi bosqichga ko'tarishdan manfaatdor.
O'zbekiston Prezidenti matbuot xizmati arxividan olingan surat
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi