Logo

Saudiyadagi universitetda Amir Temur hayoti va faoliyati namoyish qilindi

Aprel 29, 2026. 18:25 • 2 daq

263
Saudiyadagi universitetda Amir Temur hayoti va faoliyati namoyish qilindi

AR-RIYOZ, 29-aprel. /“Dunyo” AA/. Saudiya Arabistonining Dammam shahridagi Imom Abdurahmon nomidagi universitetda buyuk sarkarda va davlat arbobi Amir Temur hayoti hamda uning boy tarixiy merosini o‘rganishga bag‘ishlangan taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mazkur tadbir O‘zbekistonning Saudiya Arabistonidagi elchixonasi ko‘magida ushbu oliygohda faoliyat yuritayotgan vatandoshimiz, universitet o‘qituvchisi Ayten Alkaxtani tashabbusi bilan tashkil etildi.

Taqdimot davomida talabalarga Amir Temurning siyosiy va ijtimoiy faoliyati, u asos solgan markazlashgan davlat boshqaruvi tizimi hamda Temuriylar Renessansining o‘ziga xos xususiyatlari haqida batafsil maʼlumot berildi.

Tadbirda Sohibqironning O‘zbekiston davlatchiligi tarixidagi beqiyos o‘rni alohida qayd etildi. Bugungi kunda Amir Temur siymosi milliy o‘zlikni anglash va davlat qudratining timsoli ekani, uning diplomatiya tamoyillari, ilm-fanga bo‘lgan ehtiromi va bunyodkorlik intilishlari zamonaviy mustaqil O‘zbekiston uchun tarixiy poydevor bo‘lib xizmat qilayotgani taʼkidlandi.

Taqdimot yakunida Amir Temur shaxsiyati harbiy sanʼat, donishmand boshqaruv va madaniyat gullab-yashnagan davr asoschisi sifatida taʼriflandi.

Ushbu maʼrifiy tadbir saudiyalik talabalarning O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi hamda uning Sharq intellektual va maʼnaviy anʼanalari shakllanishidagi roli haqidagi bilimini boyitishga xizmat qildi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish