O'zbekistonda 9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan o'tkazilgan tadbirlar Pokiston OAV diqqat markazida
May 10, 2025. 11:05 • 3 daq
• 86
ISLOMOBOD, 10-may. /"Dunyo" AA/. Yurtimizda 9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida o'tkazilgan tadbirlar Pokiston ommaviy axborot vositalari tomonidan keng yoritildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Jumladan, ushbu mamlakatning "Pakistan in the Vorld" jurnali, "Daily Spokesman" va "The Khyber Mail" gazetalari, "Pakistan State Time", "The AZB", "The Vorld Ambassador", "Imroze Pakistan", "The Gulf Observer", The Europe Today", "JeeVey Pakistan" va "Vorld Nevs" onlayn-nashrlarida O'zbekistonda 9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan o'tkazilgan tadbirlarga doir turkum maqolalar e'lon qilindi.
"O'zbekiston 9-may – Xotira va qadrlash kunini nishonlamoqda. Joriy yilda bu sana Ikkinchi jahon urushidagi G'alabaning 80 yilligiga to'g'ri kelmoqda. Ushbu kun nafaqat jang maydonlarida jasorat ko'rsatganlarga, balki urush davrida front ortida mashaqqat bilan mehnat qilgan millionlab o'zbek fuqarolariga, va mustaqillik yillarida halok bo'lgan harbiylarga hurmat bajo keltirish kunidir" – deya boshlangan maqolalar.
Pokiston nashrlarida Prezident Shavkat Mirziyoyev umumxalq xotira tadbirlarida ishtirok etib, O'zbekiston xalqiga bayram tabrigini yo'llagani, unda davlatimiz rahbari barcha yurtdoshlarimizni, avvalo, urush va mehnat faxriylarini samimiy tabriklab, ularning vatanparvarligi va oqilona maslahatlari bilan Yangi O'zbekiston barpo etishga qo'shayotgan hissasini alohida e'tirof etgani ta'kidlangan.
"Mana shu hayajonli, ayni paytda iztirobli damlarda insoniyatni fashizm balosidan xalos etishga munosib hissa qo'shgan qahramon ajdodlarimizni yod etib, ularning yorqin xotirasi oldida ta'zim qilamiz", – deya iqtibos keltiriladi O'zbekiston Prezidentining bayram tabrigidan.
Ikkinchi jahon urushidagi g'alabaga O'zbekiston ulkan hissa qo'shgani, o'sha paytda respublikaning 6,8 millionli aholisining qariyb 2 millioni frontga ketgani, shundan 540 mingga yaqin kishi halok bo'lgani, 158 ming nafari bedarak yo'qolgani, 50 mingdan ortig'i konslagerlarda qiynoqlarga duch kelgani, 60 mingdan ziyodi nogiron bo'lib qaytgani, urush yillarida o'zbek xalqining matonati sinovdan o'tgani, o'zbekistonlik askar va ofitserlardan 214 mingga yaqini jangovar orden va medallar bilan mukofotlangani, 301 nafari Sovet Ittifoqi Qahramoni degan yuksak unvonga, 70 nafardan ziyodi uchala darajadagi "Slava" ordeniga sazovor bo'lgani yuksak e'tirof etilgan.
Shuningdek, O'zbekistonning urush yillarida front ortida ham strategik jihatdan katta rol o'ynagani, respublika frontga harbiy texnika, qurol-yarog', kiyim-kechak, oziq-ovqat va dori-darmon yetkazib bergani, urush hududlaridan ko'chirilgan 1,5 milliondan ortiq odam, jumladan, 250 ming nafar yetim bolaga boshpana berib, g'amxo'rlik ko'rsatgani, mamlakatimizga 170 dan ortiq zavod va fabrikalar ko'chirilgani, 280 ta yangi korxona barpo etilgani ham qayd qilingan.
"Toshkentdagi G'alaba bog'ida tashkil etilgan tadbir chog'ida Prezident Shavkat Mirziyoyev "Matonat madhiyasi" yodgorligi poyiga gulchambar qo'ydi, Ikkinchi jahon urushi va front ortida mehnat qilgan o'zbekistonlik qahramonlar xotirasiga bag'ishlab barpo qilingan "Xotira nuri" kompozitsiyasini ko'zdan kechirdi. Shuningdek, mustaqillik yillarida mamlakat himoyasi yo'lida halok bo'lgan 196 nafar harbiy xizmatchi va huquq-tartibot idoralari xodimlarining xotirasiga bunyod etilgan "Millat fidoyilari" xiyobonida bo'lib, shu yerda marhum harbiy xizmatchilarning oila a'zolari bilan uchrashdi, – deb yozgan Pokiston OAV.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Tailandda davlat ramzlarining ahamiyatiga bag‘ishlangan tadbir tashkil etildi
Umra ziyoratchilari ishtirokida madaniy-maʼrifiy tadbir o‘tkazildi
Italiyada yangilangan O'zbekiston Konstitutsiyasi e'tirof etildi
Davlat ramzlari – mustaqillik timsoli, farovon hayot garovi!
Janubiy Koreyada O‘zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilingan kun nishonlandi