Logo

"Ikkinchi jahon urushi xotiralarda" ijodiy ishlar ko'rik-tanlovi g'oliblari taqdirlandi

May 10, 2025. 07:19 • 1 daq

60
"Ikkinchi jahon urushi xotiralarda" ijodiy ishlar ko'rik-tanlovi g'oliblari taqdirlandi

TOSHKENT, 10-may. /"Dunyo" AA/. "G'alaba bog'i" yodgorlik majmuasi huzuridagi "Shon-sharaf" davlat muzeyida "Ikkinchi jahon urushi xotiralarda" ijodiy ishlar ko'rik-tanlovi g'oliblarini taqdirlash marosimi bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"G'alaba bog'i" yodgorlik majmuasi ma'lumotiga ko'ra, ushbu tanlov O'zbekiston Prezidentining 2025-yil 19-fevraldagi "Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g'alabaning 80 yilligi hamda xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko'rish va munosib nishonlash to'g'risida"gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida o'tkazildi.

Ko'rik-tanlov O'zbekiston Mudofaa vazirligi ta'sischiligida Mudofaa vazirligi huzuridagi "G'alaba bog'i" yodgorlik majmuasi, Badiiy akademiya, Badiiy ijodkorlar uyushmasi, Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Kamoliddin Bexzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti bilan hamkorligida tashkil etildi.

Ishtirokchilar rangtasvir, grafika va haykaltaroshlik yo'nalishlarida o'zaro bellashdilar. Tanlov natijasiga ko'ra, 10 nafar rag'batlantiruvchi o'rin, shuningdek, barcha yo'nalishlar bo'yicha birinchi, ikkinchi va uchinchi o'rinlarni egallaganlarga qimmatbaho sovg'alar, diplom va faxriy yorliqlar topshirildi. Eng oliy o'rin – Gran-prini Toshkent xalqaro kimyo instituti talabasi Yulduz Rajabova qo'lga kiritdi.

Yosh havaskor va professional ijodkorlarning mazkur sara asarlari, "Shon-sharaf" davlat muzeyini yanada mazmunan boyitishga, vatan tinchligi uchun kurashgan qahramon ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish, qolaversa, ota-bobolarimizdan meros bo'lib qolgan insonparvarlik va milliy g'urur tuyg'ularini yuksaltirishga hissa qo'shadi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish