Logo

Niderlandiyada Ikkinchi jahon urushi davrida qurbon bo'lgan 101 nafar o'zbek o'g'loni xotirasiga hurmat ko'rsatildi

May 08, 2025. 11:14 • 2 daq

748
Niderlandiyada Ikkinchi jahon urushi davrida qurbon bo'lgan 101 nafar o'zbek o'g'loni xotirasiga hurmat ko'rsatildi

AMERSFORT, 8-may. /"Dunyo" AA/. 9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan O'zbekistonning Benilyuks mamlakatlaridagi elchixonasi tashabbusi bilan Niderlandiyaning Lyoysden shahri yonidagi "Rastxof" qabristoni hududida joylashgan "Sovet shon-sharaf maydoni" xiyobonida xotira marosimi o'tkazildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Ta'kidlash joizki, har yili Niderlandiyada Ikkinchi jahon urushidan buyon turli harbiy harakatlar va tinchlikparvarlik operatsiyalar qurbonlarining xotirasi yodga olinadi. Butun mamlakat bo'ylab xotira marosimlari o'tkaziladi.

Ushbu tadbirda mamlakatimizdan kelgan delegatsiya a'zolari, Niderlandiyaning Lyozden shahri meri Gerolf Baumister, "Sovet shon-sharaf maydoni" jamg'armasi rahbariyati, ko'ngillilar, mahalliy OAV vakillari, oliy o'quv yurtlari talabalari, maktab o'quvchilari va faol vatandoshlar qatnashdi.

Tadbir avvalida Ikkinchi jahon urushi davrida Niderlandiyada qurbon bo'lgan va mazkur xotira maydonida dafn etilgan 865 nafar sovet askarlari, shu jumladan, o'zbekistonlik 101 nafar askarlar qabrlariga gul qo'yildi.

Xotira marosimida so'zga chiqqan O'zbekiston delegatsiyasi rahbari Saidxon Saidolimov Ikkinchi jahon urushi, uning halokatli oqibatlari, o'zbek xalqining fashizm ustidan qozonilgan G'alabaga qo'shgan munosib hissasi haqida to'xtaldi. Xalqimizning sha'ni va qadr qimmatini himoya qilishda sinmas iroda va jasorat ko'rsatgan ajdodlarimizning muqaddas xotirasini abadiylashtirish bo'yicha O'zbekiston Prezidenti boshchiligida mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko'lamli ishlar alohida ta'kidlandi.

O'zbekiston Hukumati va Mudofaa vazirligi nomidan "Sovet shon-sharaf maydoni" jamg'armasi boshqaruv kengashi raisi Remko Reyding va uning yordamchisi Natalya de Yongga ko'krak nishonlari topshirildi.

Niderlandiyaning "Sovet shon-sharaf maydoni" jamg'armasi boshqaruv kengashi raisi Remko Reyding o'z nutqida, Lyoysden shaharchasida dafn etilgan ko'plab o'zbek askarlari qabrlariga gul qo'yish orqali ularni ruhiga hurmat ko'rsatish yaxshi an'anaga aylanganini bildirdi. "Biz bunday tadbirlar orqali Ikkinchi jahon urushi yillarida qurbon bo'lgan o'zbek askarlari xotirasini hurmat bilan yana bir bor yodga olamiz va ularning nomlarini sharaflashga harakat qilamiz", dedi u.

 "Sovet shon-sharaf maydoni" jamg'armasi boshqaruv kengashi a'zosi Natalya de Yong har yili Niderlandiyada keng nishonlanadigan "Natsizmdan ozodlik kuni" arafasida bu tadbirni tashkil etish orqali Ikkinchi jahon urushida halok bo'lganlarni abadiy xotirlash muhim ahamiyatga ega ekanligini qayd etdi.

Tadbirda ishtirok etgan o'zbekistonlik vatandoshlar yurtimizni himoyasi va uning tinchligi uchun o'z jonlarini fido qilgan 101 nafar vatandoshimiz xotirasini yana bir bor yodga olish har bir o'zbek farzandining burchi ekanligini ta'kidladilar. 

Niderlandiya hukumati, "Sovet shon-sharaf maydoni" jamg'armasi rahbariyatiga ushbu xotira xiyobonidagi o'zbek o'g'lonlari qabrlarga g'amxo'rlik ko'rsatish, insoniyat tarixidagi eng dahshatli urush qurbonlari xotirasini asrab-avaylash va ularning shaxsini aniqlash borasidagi sa'y-harakatlari uchun minnatdorlik bildirildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish