Logo

O'monlik tadbirkorlar O'zbekistonning savdo-iqtisodiy salohiyati va investitsion imkoniyatlari bilan tanishdi

Dekabr 19, 2024. 01:27 • 2 daq

259
O'monlik tadbirkorlar O'zbekistonning savdo-iqtisodiy salohiyati va investitsion imkoniyatlari bilan tanishdi

MASKAT, 19-dekabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchixonasi tashabbusi bilan O'mon Savdo-sanoat palatasi rahbariyati boshchiligida 30 nafar tadbirkorlarning mamlakatimizga tashrifi tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.



O'zbekiston elchixonasi ma'lumotiga ko'ra, O'mon delegatsiyasi Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurib, viloyatda tadbirkorlik uchun yaratilgan imkoniyat va biznes loyihalar hamda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar bilan tanishdilar. Jumladan, delegatsiya vakillari viloyatning baliqchilik, qishloq xo'jaligi mahsulotlarini yetishtirish, logistika xizmatlari, energetika yo'nalishi, qurilish materiallarini ishlab chiqarish hamda eksport qilish, shuningdek mebel ishlab chiqarish, to'qimachilik, un mahsulotlarini tayyorlashdagi mavjud salohiyati bilan tanishdilar.

Shu kunning o'zida Yangiyer shahrida viloyat hokimi Akmaljon Mahmudaliyev va O'monning O'zbekistondagi elchisi Vafo Jabr Nosir al-Busaidiy hamda ikki davlat tadbirkorlari ishtirokida biznes-forum va B2B formatda uchrashuvlar o'tkazildi.

Tashrif doirasida, shuningdek, xorijiy davlatning mamlakatimizdagi elchisi, O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi, "UzOman Invest Company" qo'shma investitsion shirkati va "Atyab International Services" kompaniyasi vakillari ishtirokida o'monlik va o'zbekistonlik tadbirkorlarning navbatdagi biznes-forumi o'tkazildi.

Biznes forum doirasida O'zbekiston Eksportchilari uyushmasi va o'zbekistonlik tadbirkorlar o'zlarining o'monlik hamkasblari bilan bir qator anglashuv memorandumlari va bitimlarni imzolashdi.

Delegatsiya vakillari Toshkentdagi "TEXNOPARK" MChJga tashrif buyurib, mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan elektrotexnika mahsulotlari bilan ham tanishdi.

Tashrif doirasida o'monlik tadbirkorlar O'zbekiston O'simliklar karantini va himoyasi agentligi faoliyati, shuningdek, Markaziy eksport shtabida yurtimiz qishloq xo'jaligi mahsulotlarini eksportga tayyorlash tizimi bilan yaqindan tanishdilar.

Tashqi ishlar vaziri tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu ishbilarmonlik tashrifi natijasida O'zbekistonga ilk bor tashrif buyurgan o'monlik ishbilarmonlar mamlakatimizning savdo-iqtisodiy va investitsion salohiyati bilan yaqindan tanishib, ma'lumot oldilar.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish