Logo

O'zbek kinoijodkorlari tomonidan yaratilgan animatsion film Hindistonda bo'lib o'tadigan xalqaro bolalar kinofestivalida namoyish etiladi

Yanvar 19, 2024. 14:39 • 2 daq

516
O'zbek kinoijodkorlari tomonidan yaratilgan animatsion film Hindistonda bo'lib o'tadigan xalqaro bolalar kinofestivalida namoyish etiladi

DEHLI, 19-yanvar. /"Dunyo" AA/. O'zbek kinoijodkorlari tomonidan yaratilgan "Xasis baqqol" animatsion filmi X Kolkata xalqaro bolalar kinofestivalida namoyish etiladi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Joriy yil 25-29-yanvar kunlari Hindistonning Kolkata shahrida an'anaviy xalqaro bolalar kinofestivali o'tkaziladi. Unda turli mamlakatlarda bolalar uchun suratga olingan filmlar yosh tomoshabinlar e'tiboriga havola qilinadi.

O'zbekiston tomonidan xalqaro kinofestival dasturiga O'zbekiston Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan "Astir" animatsiya studiyasi tarafidan yaratilgan "Xasis baqqol" filmi taqdim etildi.

Mazkur film Alisher Navoiyning "Lisonut-tayr" dostonida keltirilgan hikoya asosida suratga olingan. Ijodkorlar guruhi yosh kinotomoshabinlarni buyuk bobokalonimiz ijodi bilan yanada yaqindan tanishtirishni o'z oldiga maqsad qilib qo'ygan. Multfilmda xasislik, ochko'zlik singari illatlar qoralangan, aksincha mehr-oqibat, bag'rikenglik singari insoniy fazilatlar ulug'langan.

Film ijodkorlari qahramonlar shakl-shamoyilini sharq miniatyura san'ati, xususan, Kamoliddin Behzod ijod namunalari asosida yaratgan. Multfilm premyerasi 2022-yil Alisher Navoiy tavallud topgan kun sanasida bo'lib o'tgan hamda keng jamoatchilik, ayniqsa, yosh tomoshabinlar tomonidan iliq kutib olingan edi.

Endi "Xasis baqqol" animatsion filmi hindistonlik yosh kino ixlosmandlari hukmiga havola etiladi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish