Abu-Dabida O'zbekiston delegatsiyasi maxsus mukofot bilan taqdirlandi
Noyabr 21, 2025. 11:11 • 2 daq
• 123
ABU-DABI, 20-noyabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Kreativ iqtisodiyot va turizm bo'yicha departamenti boshlig'i, Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg'armasi raisi Gayane Umerova boshchiligidagi delegatsiya Abu-Dabiga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tashrif doirasida Gayane Umerova Shayx Zoid nomidagi Insoniy birodarlik mukofoti bosh kotibi Muhammad Abdulsalom bilan uchrashdi.
Muloqot davomida madaniyat, ilm-fan va ta'lim sohalarida ikki tomonlama hamkorlik istiqbollarini muhokama qilindi. Ta'lim dasturlari sohasida sheriklikni rivojlantirish, zamonaviy ta'lim modellarini joriy etish va tajriba almashish bo'yicha fikr-mulohaza almashildi.
Madaniyatlararo muloqotni mustahkamlash, insonparvarlik qadriyatlarini ilgari surishga qaratilgan istiqboldagi qo'shma loyihalarni rejalashtirish muhokamalarning alohida yo'nalishi bo'ldi.
Shu kuni Luvr Abu-Dabi muzeyida islom san'ati, xattotlik va she'riyatga bag'ishlangan dunyoning yetakchi platformalaridan biri bo'lgan "Al Burda Award" mukofotining tantanali marosimi bo'lib o'tdi. Bu galgi 19-mavsumga bag'ishlangan marosim "Unity" (Birdamlik) mavzusi ostida o'tkazilib, xalqlar o'rtasidagi madaniy va ma'naviy o'zaro anglashuv g'oyasini aks ettirdi.
Ushbu nufuzli tadbirda Gayane Umerova boshchiligidagi O'zbekiston delegatsiyasi "Faxriy mehmon" maqomida ishtirok etib, mamlakatning boy badiiy va hunarmandchilik merosini yorqin namoyish etgani munosabati bilan alohida mukofot bilan taqdirlandi.
Shuningdek, marosim doirasida an'anaviy "Manzur" musiqiy ansamblining chiqishi ham taqdim etildi. BAA, Quvayt, Yaponiya, Misr, Gvineya, Turkiya, Eron va Fransiyadan kelgan san'atkorlar ishtirokidagi dasturda vakillarmizning ijod namunalari ko'pchilikda katta qiziqish uyg'otdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi