Rossiyaning Omsk shahrida O‘zbekiston madaniyati kunlari festivali bo‘lib o‘tmoqda
Fevral 11, 2026. 18:10 • 2 daq
• 295
OMSK, 16-fevral. /“Dunyo” AA/. Omsk shahrida mamlakatimizning Novosibirsk shahridagi bosh konsulxonasi tomonidan birinchi marta O‘zbekiston madaniyati kunlari festivali tashkil etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda Rossiyaning Omsk viloyati rasmiylari, diplomatik korpus vakillari, milliy madaniy markazlar rahbarlari, vatandoshlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Novosibirskdagi Bosh konsul Aslam Akbarov O‘zbekiston madaniyati kunlari festivalining ahamiyati, o‘zbek madaniyati, ilm-fani va sheʼriyatining jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasi haqida so‘z yuritdi.
Diplomatlarimiz Omsk viloyati bilan samarali hamkorlik aloqalar xususida to‘xtalib o‘tdi. O‘zbekistondan meva-sabzavot mahsulotlari muntazam ravishda yetkazib beriladigan “Frut-Siti” ulgurji-taqsimlash markazi tashkil etildi.
Mazkur obyekt savdo-iqtisodiy sohada mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirish jarayonida muhim ahamiyat kasb etmoqda. To‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berish isteʼmolchilar uchun O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmini oshirish va yuqori sifatini saqlab qolishga yordam beradi.
So‘zga chiqqanlar ushbu madaniy tadbir Omsk viloyatida birinchi marta o‘tkazilayotganini va butunlay o‘zbek xalqining madaniy, maʼnaviy, tarixiy va gumanitar salohiyatini namoyish etishga qaratilganini alohida taʼkidladi.
Omsk do‘stlik uyi direktori Natalya Stepanovaning fikriga ko‘ra, ushbu tadbir 2026 yilda Rossiyaning madaniy poytaxtiga aylangan Omsk uchun joriy yildagi birinchi tadbirdir.
“O‘zbekiston xalqlari ijtimoiy-madaniy markazi” DUK raisi Feruza Adasheva festivalning asosiy maqsadi o‘zbek madaniyatining boyligi va xilma-xilligini namoyish etishdan iborat ekanini urg‘uladi.
Mehmonlar uchun o‘zbek milliy raqslari ijro etilib, ko‘rgazmali rasmlar, o‘zbek liboslari, milliy naqshlar tushirilgan, qo‘lda to‘qilgan matolar, kulolchilik idishlari va milliy taomlar namoyish etildi.
O‘zbekistonlik talabalarning buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligiga bag‘ishlangan sahna ko‘rinishi keng festivalning asosiy qismi bo‘ldi. Navoiyning g‘azallari, badiiy asarlaridan namunalar o‘qildi.
Omskda O‘zbekiston madaniyati kunlari shu yilning 31 martiga qadar davom etadi. Tadbir doirasida mehmonlar uchun multimedia ko‘rgazmasi, oshpazlik mahorat darslari, “Sen yetim emassan” filmi namoyishi hamda Navro‘z umumxalq bayrami keng nishonlanadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi