O'zbekistonda diniy-ma'rifiy sohada amalga oshirilayotgan o'zgarishlar Ozarbayjon OAV nigohida

Iyun 10, 2024. 15:44 • 2 daq

691
O'zbekistonda diniy-ma'rifiy sohada amalga oshirilayotgan o'zgarishlar Ozarbayjon OAV nigohida

BOKU, 10-iyun. /"Dunyo" AA/. Ozarbayjonning  "Trend.az""Turkic world" va "Yeni Şafak"  singari yetakchi ommaviy axborot vositalari "O'zbekistonda diniy ta'lim sohasidagi islohotlar: voqeliklar va istiqbollar" sarlavhali maqolani e'lon qildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Nashrlarda O'zbekiston taraqqiyotining yangi bosqichida davlat rahbari tashabbusi bilan diniy ta'lim sohasida keng ko'lamli islohot va yangilanishlar amalga oshirilayotgani, xususan, diniy ta'limni qayta tiklash va milliy an'ana hamda qadriyatlarni rivojlantirish, ajdodlar xotirasini e'zozlash, muqaddas qadamjolar, ziyoratgoh va masjidlarni obodonlashtirish borasidagi bunyodkorlik ishlari izchil davom etayotgani qayd etilgan.

"2017-yildan boshlab O'zbekistonda ko'plab yangi diniy ta'lim muassasalari tashkil etildi. Hozir Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi, Imom Termiziy madrasasi kabi ta'lim maskanlari muvaffaqiyatli faoliyat ko'rsatmoqda. Mir Arab oliy madrasasi va Hadis ilmi maktabi ochilishi bilan O'zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi diniy ta'lim muassasalari soni 13 taga yetdi", – deyiladi materiallarda.

Ta'kidlanganidek, O'zbekiston Prezidentining 2018-yil 16-apreldagi "Diniy-ma'rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi farmoni yangi islohotlarni amalga oshirish, uzoq muddatli rejalashtirish va ta'lim tizimini sifat jihatidan yuqori bosqichga olib chiqishning asosi bo'ldi.

Hujjat bilan O'zbekiston islom akademiyasi va Toshkent islom universiteti negizida O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi tashkil etildi. Akademiya tarkibida Qoraqalpog'iston Respublikasi, Samarqand, Namangan va Surxondaryo viloyatlari mintaqaviy filiallariga ega bo'lgan Malaka oshirish markazining tashkil etilgani esa soha rivojiga alohida ahamiyat kasb etmoqda.

"Bir so'z bilan aytganda, o'zbek xalqining ko'p asrlik milliy-diniy qadriyatlarini asrab-avaylash, jahon ilm-fani va madaniyati rivojiga ulkan hissa qo'shgan buyuk ajdodlar bebaho merosini o'rganish, ular asosida yoshlarni komil insonlar etib tarbiyalash, jamiyatda barqaror ijtimoiy-ma'naviy muhitni ta'minlash uchun shart-sharoitlar yaratish muhim vazifalar bo'lib kelmoqda", – deb yozgan Ozarbayjon OAV.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish