Hindistonning ommabop gazetasi o'zbek va hind xalqlarining madaniy yaqinligi haqida maqola chop etdi
Noyabr 05, 2024. 09:52 • 2 daq
• 115
DEHLI, 5-noyabr. /"Dunyo" AA/. Hindistonning ommabop "The New Indian Express" gazetasi Toshkentdagi Lal Bahodur Shastri nomidagi hind madaniyati markazi faoliyati misolida o'zbekistonliklarning hind madaniyatini o'rganishga bo'lgan qiziqishi haqida maqola chop etdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA.

"Bollivud filmlari, mumtoz raqslar, yoga va hind tili O'zbekistonda mashhur bo'lib, turli yoshda bo'lgan mahalliy aholi vakillarini Toshkentdagi Hind madaniyati markaziga kelishga undaydi", – deb yozgan gazeta siyosiy sharhlovchisi Yeshi Seli.
Maqola muallifi mazkur markaz 1995-yilda, Hindiston O'zbekiston bilan diplomatik munosabatlar o'rnatganidan uch yil o'tib tashkil etilganini qayd etgan. Bugungi kunda bu yerda haftasiga 40 dan ortiq dastur o'tkaziladi va u Markaziy Osiyodagi eng yirik hind madaniyat markazi hisoblanadi.
1500 dan ortiq talaba katta ishtiyoq bilan turli kurslarga qatnaydi, jumladan kathak raqsi, yoga va hind tilini o'rganadi.
"The New Indian Express" o'z o'quvchilariga, shuningdek, Hindiston madaniy aloqalar kengashi (Indian Council for Cultural Relations - ICCR) tomonidan Toshkentdagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida "Hindiston kafedrasi" tashkil etilgani haqida xabar bergan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi