Logo

"An Nahar News" gazetasi: Yangi O'zbekistonda iste'dodli yosh shoirlar va adiblarning erkin ijod qilishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan

Noyabr 10, 2024. 13:16 • 2 daq

141
"An Nahar News" gazetasi: Yangi O'zbekistonda iste'dodli yosh shoirlar va adiblarning erkin ijod qilishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan

AR-RIYOZ, 10-noyabr. /"Dunyo" AA/. Saudiya Arabistonining "An Nahar News " gazetasida O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyidning "O'zbekiston ijodkor yoshlarni qanday qo'llab-quvvatlaydi" sarlavhali maqolasi e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"Yangi O'zbekistonda adabiyotni rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yo'nalishini tashkil etadi. Zero, hozirgi murakkab va tahlikali zamonda milliy o'zlikni anglash, ezgu qadriyatlarni saqlash va boyitish, yosh avlod ma'naviyatini yuksaltirishda so'z san'atining ahamiyati beqiyos", – deb yozgan muallif.

Qayd etilishicha, O'zbekistonda yosh ijodkorlarning iste'dodini ro'yobga chiqarishga ko'maklashish borasida o'tgan yillarda yo'lga qo'yilgan qator samarali loyihalar bilan cheklanib qolmasdan, davr taqozo etayotgan yangi-yangi imkoniyatlar ishga solinmoqda. Iste'dodli va istiqbolli yosh shoirlar, adiblarning erkin ijod qilishlari uchun barcha qulay shart-sharoitlar yaratilmoqda.

"Xususan, keyingi yillarda e'tiborsizlik oqibatida to'xtab qolgan respublika yosh ijodkorlarining Zomin seminar-kengashi 2017-yilda davlat rahbarining tashabbusi bilan qayta tiklangandi. O'shandan buyon ushbu seminar-kengashning viloyat va respublika bosqichlari muntazam o'tkazib kelinadi", – deb ta'kidlangan nashrda.

Maqolada O'zbekistonda boshqa millatlarga mansub yosh adiblarning asarlarini e'lon qilishga alohida e'tibor qaratilayotgani alohida urg'ulangan.

"Jumladan, qoraqalpoq, qozoq, qirg'iz, turkman, ozarbayjon, tojik, rus tillarida ijod qiladigan yosh iste'dod egalarining she'r, hikoyalari o'zbek tiliga tarjima qilinib, jamoa to'plamida qozoq tilida 4 nafar, tojik tilida 3 nafar, qoraqalpoq tilida 7 nafar, rus tilida 5 nafar yosh adiblarning asarlari kitob holida nashr qilindi. "Birinchi kitobim" turkumida rus tilida ijod qiladigan 2 nafar yosh adibning alohida kitoblari bosildi", – deya ma'lum qilingan Saudiya gazetasi.        

"An Nahar News " gazetasi saytida e'lon qilingan maqolada, shuningdek, O'zbekistonda adabiyot sohasida olib borilayotgan islohot va yangilanishlar yangidan-yangi adabiy loyihalar va tadbirlarda o'zining hayotiy aksini topayotgani alohida ta'kidlangan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish