"Infozakon": Yangilangan Konstitutsiya – Yangi O'zbekistonda insonning daxlsiz huquq va erkinliklariga rioya etilishi kafolatidir
Aprel 26, 2024. 08:35 • 2 daq
• 179
OSTONA, 26-aprel. /"Dunyo" AA/. Qozog'istonning "Infozakon" elektron nashrida O'zbekistonning yangilangan Konstitutsiyasiga bag'ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Maqola muallifi O'zbekiston Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti sektor mudiri, yuridik fanlar doktori, professor Bahodir Ismoilovning yozishicha, mustaqillik yillarida O'zbekistonda qonun ustuvorligi va inson huquqlari, uning hayoti, erkinligi, sha’ni va qadr-qimmati hamda Konstitutsiyada mustahkamlab qo'yilgan boshqa daxlsiz huquqlari tamoyillari ta’minlangan holda milliy davlatchilikning mustahkam poydevori barpo etildi.
"Mamlakat rahbariyati tashabbusi bilan inson huquqlari bo'yicha xalqaro standartlar milliy qonunchilik va huquqni qo'llash amaliyotiga tizimli va bosqichma-bosqich joriy etilmoqda, – deb qayd etgan u. – Hozirgi kunda O'zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan inson huquq va erkinliklari sohasidagi 80 dan ortiq xalqaro hujjatlarning normalari milliy qonunchilikda o'z aksini topgan. 2020-yil oktyabr oyida O'zbekiston BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashiga a’zo bo'ldi".
Ta’kidlanganidek, 2020-yil iyun oyida BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashi va shartnoma qo'mitalari tavsiyalarini amalga oshirishni nazarda tutuvchi Inson huquqlari bo'yicha O'zbekistonning Milliy strategiyasi birinchi marta qabul qilindi va u izchil amalga oshirilmoqda. O'zbekiston hukumati inson huquqlari bo'yicha asosiy xalqaro shartnomalarning bajarilishi va shartnoma organlarining tavsiyalarini bajarish bo'yicha keyingi chora-tadbirlar to'g'risida davriy hisobotlarni taqdim etadi.
"Yangilangan Konstitutsiya umumxalq ovoz berish yo'li bilan qabul qilingani Yangi O'zbekistonda inson huquqlarini ta’minlash va himoya qilishning konstitutsiyaviy asoslarini mustahkamlashga xizmat qildi", – deyiladi maqolada.
Muallif yangilangan Bosh qomusdagi eng muhim yangilik sifatida o'lim jazosini to'liq taqiqlash, "Miranda qoidasi" ni qo'llash, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi huquqlari kafolatlarini kuchaytirish, "Xabeas Korpus" institutini aks ettirish va boshqalarni qayd etgan.
"O'zbekiston Prezidentining tegishli farmoni bilan tasdiqlangan "O'zbekiston – 2030" strategiyasi mazkur yo'nalishdagi islohotlarning mantiqiy davomi bo'ldi. Konstitutsiyaviy tamoyillarni hayotga tatbiq etish doirasida mamlakatni 2030-yilgacha bo'lgan davrda uzoq muddatli rivojlantirishning beshta asosiy ustuvor yo'nalishi belgilandi", – deb yozgan "Infozakon".
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi