Logo

"Sada al-Balad": O'zbekiston–Qozog'iston hamkorligi Markaziy Osiyoni rivojlantirishda muhim bo'g'inga aylanyapti

Noyabr 19, 2025. 13:53 • 3 daq

99
"Sada al-Balad": O'zbekiston–Qozog'iston hamkorligi Markaziy Osiyoni rivojlantirishda muhim bo'g'inga aylanyapti

QOHIRA, 19-noyabr. /"Dunyo" AA/. Misrning nufuzli "Sada al-Balad" nashrida "Iqtisodiy hamkorlik: O'zbekiston va Qozog'iston rivojlanish uchun umumiy makonni qanday yaratmoqda?" nomli maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Maqolada ta'kidlanishicha, O'zbekiston va Qozog'iston o'rtasidagi munosabatlar barqaror va jadal hamkorlik namunasini ko'rsatmoqda. Bunda siyosiy muloqot savdo, investitsiya va sanoat sohalaridagi aniq loyihalar bilan uzviy ravishda to'ldirilmoqda. Bugungi kunda ushbu sheriklik ikki tomonlama kun tartibidan ancha ilgarilab, Markaziy Osiyoning umumiy iqtisodiy makonini shakllantirishda muhim bo'g'inga aylanyapti.

2025-yilning yanvar–sentyabr oylari yakunlariga ko'ra, O'zbekiston va Qozog'iston o'rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 3,5 milliard dollarga yetgan. Bu o'tgan yilning shu davriga nisbatan 15,5 foizga o'sishni anglatadi. Ushbu ijobiy dinamika nafaqat hajmlarning miqdoriy o'sishini, balki eksport savatida yuqori qo'shilgan qiymatga ega mahsulotlar ulushi ortib borayotganda savdo tarkibining bosqichma-bosqich diversifikatsiyasini ham aks ettiradi.

Ayniqsa, 2025-yil 5–6-noyabr kunlari Vashington shahrida o'tgan "S5+1" formatidagi davlat rahbarlari uchrashuvi O'zbekiston va Qozog'iston o'rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlashda muhim bosqich bo'ldi.

Eksportning asosiy yo'nalishlari orasida mashinasozlik, agrar sektor va qurilish materiallari mahsulotlari bor. O'zbekiston tomoni avtomobil butlovchi qismlari, sabzavotlar, mevalar, mineral suvlar, to'qimachilik mahsulotlari va sement yetkazib berishni faol ravishda oshirmoqda. Birgina 2024 yilda Qozog'istonga eksport hajmi 2,4 foizga oshdi, assortiment esa 86 ta yangi tovar pozitsiyasiga – elektr energiyasi va sariyog'dan tortib mis va kakao mahsulotlarigacha kengaydi.

"O'zbekiston va Qozog'istonning qo'shma tashabbuslari mintaqaviy chegaralardan tashqariga chiqmoqda. Ularning orasida Trans-Afg'on temir yo'li qurilishi loyihasi alohida o'rin tutadi. Bu tashabbus Markaziy Osiyoni Yevroosiyo logistikasining asosiy bo'g'iniga aylantirish imkonini beradi", – deya fikr bildirilgan "Sada al-Balad" nashrida.

Qozog'iston O'zbekiston uchun MDH doirasidagi eng yirik hamkor va Rossiyadan keyin tashqi savdo aylanmasi bo'yicha ikkinchi o'rinda turadi. Hamkorlik "Yangi industrializatsiya" tamoyiliga asoslanib rivojlanmoqda. Alohida e'tibor transport integratsiyasiga qaratilgan – "Transkaspiy", "Shimol–Janub" xalqaro yo'laklari va Xitoy, Eron hamda Turkiya orqali o'tuvchi yangi marshrutlarni rivojlantirish, eksport oqimlarini diversifikatsiya qilish va mintaqaning global iqtisodiyotdagi rolini mustahkamlash uchun mustahkam asos yaratilmoqda.

Qo'shma loyihalar, energetika va transport tarmoqlarini integratsiya qilish, tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlash va texnologik hamkorlik orqali ikki mamlakat butun mintaqa uchun namuna bo'ladigan zamonaviy hamkorlik makonini shakllantirmoqda.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish