«Swift News»: Buxoro Buyuk ipak yo'lida joylashgan qadimiy shahar bo'lib, qadimdan Markaziy Osiyoning eng yirik ilm va madaniyat markazlaridan biri sifatida e'tirof etib kelinadi
Yanvar 22, 2024. 18:29 • 3 daq
• 238
JIDDA, 22-yanvar. /"Dunyo" AA/. Saudiya Arabistonining mashhur «Swift News» elektron nashrida Buxoro shahrining boy tarixiy merosiga bag'ishlangan maqola e'lon qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Unda ta'kidlanishicha, Buxoro o'rta asrlarda musulmon sharqida juda mashhur bo'lgan.

«Buxoro Buyuk ipak yo'lida joylashgan qadimiy shahar bo'lib, qadimdan Markaziy Osiyoning eng yirik ilm va madaniyat markazlaridan biri sifatida e'tirof etib kelinadi. Ba'zi manbalarga ko'ra, Buxoro nomi so'g'd tilidan olingan bo'lib, «baxtli joy» deb tarjima qilingan», - deyiladi maqolada.
Qayd etilganidek, mazkur qadim kentda qad rostlab turgan arxitektura durdonalari hisoblangan tarixiy obidalar asrlar davomida dunyoning turli nuqtalaridan sayyohlar va ziyoratchilarni o'ziga jalb etib kelmoqda. Shaharning aksariyat qismi buzilmagan va bugungi kungacha saqlanib qolgan «osmon ostidagi muzeyni» ifodalaydi.
Buxoro chinakam noyob arxitektura olami, turli uslublar, harakatlar, davrlarga qaramay, shu qadar yaxlit dunyoki, biron bir masjid yoki minoraga ustunlik berish qiyin. Ipak yo'lining markazida joylashgan Buxoro qadimda Sharq va G'arbning ko'plab mamlakatlarini bir-biriga bog'lagan chorraha bo'lib ham xizmat qilgan.
Maqolada ma'lum qilinishicha, Buxoroda eramizgacha bunyod etilgan me'moriy-tarixiy obidalar avloddan-avlodga o'tib, bizga qadar asl holicha yetib kelgan.
Saudiya elektron nashri, o'z navbatida Buxoro shahridagi ba'zi tarixiy yodgorliklar haqidagi ma'lumotlarni mushtariylar e'tiboriga havola qilgan.
«Poy-Kalon ansambli Buxoroning eng muhim diqqatga sazovor joyidir. Uni ko'rmaslik Buxoroni ko'rmaslikdir, - deya qayd etgan manba. - Ushbu asosiy ansambl «to'rtta bozor» savdo yo'llari chorrahasida joylashgan. Ansambl to'rtta muhim tarixiy majmuadan iborat. Bular Kalon minorasi, Masjidi kalon, shuningdek, Miri arab va Amir Olimxon madrasalaridir».
Onlayn nashrida joylashtirilgan maqolada, shuningdek, Buxoro shahridagi Abdulazizxon madrasasi haqidagi muhim ma'lumotlar ham ispan jamoatchiligi e'tiboriga taqdim qilingan.
«Abdulazizxon madrasasi Buxorodagi qadimiy me'moriy yodgorlik. Obida XVII asr o'rtalarida qurilgan. Umuman madrasa bezaklari yuksak san'at va mahorat bilan ishlangan. Katta peshtoq nafis va nodir koshinkori naqshlar bilan ziynatlangan. Islomiy naqshlar qatorida afsonaviy jonivorlar tasviri ham berilgan. Madrasa hujralari, ayniqsa, janubiy ayvon peshtoqi turli-tuman naqshlar bilan bezatilgan. Ammo madrasaning qurilishi tugallanmagan», - ta'kidlagan maqolada.
Unda Buxoro tarixida muhim o'rin tutgan qadimiy Ark qal'asi haqidagi ma'lumotlar alohida urg'ulangan.
Qayd etilishicha, Ark Buxoroning eng qadimiy yodgorligi. Arxeologik ma'lumotlarga ko'ra, ushbu qal'aning bunyod etilishi miloddan avvalgi IV-III asrlarga to'g'ri keladi. Qurg'on bir necha marta vayron bo'lib, yana qaytadan tiklangan. Qal'aning maydoni 3,9 gektarni tashkil qiladi. Ark 1920-yilgacha Buxoro amirlarining qarorgohi bo'lib xizmat qilgan.
Muallif Sharq sehri va inson iste'dodining tirik timsoli bo'lgan qadimiy Buxoro uch ming yil davomida butun insoniyatni hayratga solib kelayotganini alohida urg'ulangan.
«Buxoroga tashrif buyurish uchun sabablar juda ko'p. Shaharning ko'plab me'moriy obidalari bilan tanishish, tarixiy o'tmish va Sharq muhitiga sayohat, muzeylardagi nodir narsalarni ko'rish, Buxoro amirining hashamatli saroyida bo'lish uchun butun umring davomida bir marta bo'lsa ushbu qadim maskanga kelish arzirlidir», - deb yozgan «Swift News».
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi