“Travel Tomorrow”: O‘zbekiston 2030 yilga qadar mamlakatga 20 million xorijiy sayyohni jalb qilishni rejalashtirmoqda
Yanvar 23, 2026. 11:24 • 2 daq
• 437
BRYUSSEL, 24-yanvar. /“Dunyo” AA/. Belgiyaning mashhur “Travel Tomorrow” nashrida bosh muharrir Antonio Buskardinining O‘zbekistonda turizm sohasi rivoji hamda 2030-yilga qadar mamlakatga 20 million xorijiy sayyohni jalb qilish rejalariga bag‘ishlangan maqolasi eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muallif taʼkidlaganidek, O‘zbekiston o‘z oldiga turizmning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini ikki baravar oshirishni maqsad qilgan. Ushbu maqsad yangilanayotgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida mustahkamlangan bo‘lib, unda turizm investitsiyalarni jalb qilish, ish o‘rinlarini yaratish va mamlakatning xalqaro miqyosdagi obro‘sini oshirishga qodir strategik soha sifatida qaraladi.
Antonio Buskardini yozishicha, o‘tgan yilda O‘zbekiston dunyoning eng tez rivojlanayotgan yetti sayyohlik yo‘nalishi qatoriga kirdi. 2025-yilning yanvar-sentyabr oylarida xalqaro tashriflar soni 2019-yilning shu davriga nisbatan 73 foizga oshdi. Bu dunyodagi o‘rtacha o‘sishdan sezilarli darajada yuqori bo‘lib, taxminan 5 foizni tashkil etadi. 2025-yilning to‘qqiz oyida xorijiy sayyohlar soni 2024-yilga nisbatan 13 foizga oshgan.
Maqolada O‘zbekistonda infratuzilmani rivojlantirish, ichki aviaqatnovlarni ko‘paytirish, shaharlar o‘rtasidagi transport aloqasini yaxshilash, mehmonxonalar fondini kengaytirish xususida amalga oshirilayotgan ishlar xususida ham to‘xtalib o‘tilgan. To‘rt va besh yulduzli mehmonxonalar sonini ikki baravar ko‘paytirish, turizmni diversifikatsiya qilishga ham eʼtibor qaratilmoqda. Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy shaharlar bilan bir qatorda ekologik, gastronomik va qishloq turizmiga qiziqish ortib bormoqda.
Muallif “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining asosiy elementi sifatida global miqyosda tan olinadigan sayyohlik brendini yaratish, mamlakatni raqamli vositalar yordamida targ‘ib qilish va yuqori qo‘shimcha qiymatga ega sayyohlarga eʼtibor qaratishni taʼkidlaydi. Viza rejimini liberallashtirish va infratuzilmaga investitsiyalar allaqachon sohaning o‘sishiga hissa qo‘shgan. Keyingi rivojlanish esa xizmat ko‘rsatishni sifat jihatidan yaxshilash va turizm sektorining barqarorligi bilan uyg‘unlashtirishga qaratilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi