"Karavan Info" AA: O'zbekistonda ijtimoiy yordam ko'rsatishning yangicha tizimi yaratilmoqda
Noyabr 27, 2025. 10:24 • 2 daq
• 135
MOSKVA, 27-noyabr. /"Dunyo" AA/. Rossiyaning nufuzli "Karavan Info" axborot agentligida O'zbekistonda ijtimoiy himoya ko'rsatish tizimida olib borilayotgan islohotlarga bag'ishlangan maqola e'lon qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Maqolada qayt etilishicha, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining "Yoshlar daftari" jamg'armalari orqali ijtimoiy yordam ko'rsatish tizimini yanada takomillashtirish to'g'risida"gi farmoni imzolangan.
Mazkur hujjatda bir qator muhim vazifalar belgilangan. Xususan, 16 ming nafar "Yoshlar daftari"ga kiritilgan yoshlarning doimiy daromad manbaiga ega bo'lishiga ko'maklashish, 30 ming nafar "Yoshlar daftari"ga kiritilgan yoshlarning ta'lim jarayonida ijobiy o'zlashtirish ko'rsatkichlariga erishish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, hukumat tomonidan "Mutolaa" loyihasi doirasida ilmiy-ommabop, badiiy kitoblarni muntazam o'qib boruvchi yoshlarning ulushini 10 foizga oshirish, "Yoshlar daftari"ga kiritilgan 100 ming nafar yoshlarning ijtimoiy faolligini qo'llab-quvvatlash hamda "Ibrat farzandlari" loyihasi doirasida xorijiy tillarni o'zlashtirgan yoshlar ulushini 30 foizga ko'tarish maqsad qilingan.
"2026-yil 1-fevraldan boshlab kam ta'minlangan oilalar reyestriga kiritilgan yoshlar davlat bilan qo'shimcha moliyaviy yordam va imtiyozlarni nazarda tutuvchi ijtimoiy shartnomalar tuzishi mumkin. Buning uchun ta'lim olishni uzluksiz ravishda amalga oshirib borishi, ta'lim jarayonida ijobiy o'zlashtirish ko'rsatkichlariga erishishi, tadbirkorlik yoki o'zini o'zi band qilish asosida faoliyatini yo'lga qo'yishi yoki xorijiy tillarni o'zlashtirish bo'yicha kamida B1 darajasiga erishishi kerak", – deya ma'lumot berilgan "Karavan Info" AA maqolasida.
Shuningdek maqolada ta'kidlanishicha, mazkur hujjatga ko'ra, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmatni bepul o'tash tartibi joriy etiladi hamda ushbu maqsad uchun subsidiya ajratish tartibi bekor qilinadi. Bunda harbiy xizmat bilan bog'liq xarajatlar Mudofaa vazirligining "Safarbarlik chaqiruvi rezervi mablag'lari" maxsus hisobvarag'idan amalga oshiriladi hamda harbiy xizmatni o'tab kelgan yoshlar bandligini ta'minlash choralari ko'riladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi