“Ekonomi” gazetasi: Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlar tobora kengayb bormoqda
Yanvar 29, 2026. 14:30 • 3 daq
• 542
ANQARA, 30-yanvar. /“Dunyo” AA/. Turkiyada iqtisodiy yo‘nalishda faoliyat yurituvchi “Ekonomi” gazetasida O‘zbekiston Prezidentining Anqaraga uyushtirilgan oliy darajadagi tashrif bo‘yicha turkum materiallar eʼlon qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Xususan, Turkiya Savdo vaziri O‘mer Bolatning “O‘zbekiston bilan birgalikda biz buyuk maqsadlarimiz sari bosqichma-bosqich bormoqdamiz” nomli maqolasida taʼkidlanganidek, Toshkent, Buxoro, Samarqand va Xiva kabi son-sanoqsiz qadimiy shaharlari bilan tamaddunlar chorrahasi hisoblangan O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi eng muhim sheriklar qatoriga kiradi.
Ikki davlat umumiy madaniyat, til va tarixga ega. Turkiya 1991-yil 16-dekabrda mustaqillikka erishgan O‘zbekistonni birinchi bo‘lib tan olganidan doimo faxrlanib kelgan. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston bilan savdo-iqtisodiy sohalardagi sheriklikni rivojlantirishga katta ahamiyat berilmoqda.
O‘zbekistonda tashkil etilgan 2100 dan ortiq turk kompaniyalarining umumiy investitsiyalari hajmi 5,6 milliard dollarni tashkil etadi. Ushbu ko‘rsatkichlar bilan Turkiya O‘zbekistondagi xorijiy kapitalga ega kompaniyalar soni bo‘yicha uchinchi o‘rinda turadi.
Turk kompaniyalari ko‘plab sohalarda, birinchi navbatda to‘qimachilik, energetika, moliya, sug‘urta va metallurgiya sanoatida faoliyat yuritadi. Ikki mamlakat o‘rtasida 1996-yilda imzolangan ikki tomonlama soliqqa tortishning oldini olish to‘g‘risidagi hamda 2017-yilda imzolangan investitsiyalarni o‘zaro rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risidagi bitimlar investitsiyalarni himoya qilish va tadbirkorlarga ko‘maklashishda muhim ahamiyatga ega.
Pudratchilar bugungi kunga qadar O‘zbekistonda taxminan 8,4 milliard dollarga teng jami 309 ta loyihani amalga oshirdi. Yaqinda O‘zbekistonda loyihalarni rivojlantirish uchun qulay muhit paydo bo‘lishi bilan, turk kompaniyalarining O‘zbekistondagi faoliyati amalga oshirilgan mega-loyihalar bilan tez surʼatlarda o‘sib bormoqda.
Turkiya Tashqi iqtisodiy aloqalar kengashi (DEİK)ning O‘zbekiston–Turkiya komissiyasi raisi O‘zgur O‘nur O‘zguvenning maqolasida so‘nggi yillarda Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlar haqida turli manbalar keltirilgan.
Xususan, muallif yozganidek, Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo hajmi ham so‘nggi o‘n yillikda tez surʼatlar bilan o‘sib, 2025-yilda 3,1 milliard dollarga yetdi. Ikki mamlakat Prezidentlari tomonidan ikki tomonlama savdo hajmi uchun qisqa fursatda 5 milliard dollar, uzoq muddatda esa 10 milliard dollar marra qo‘yilgan. Ushbu maqsadlarga erishish uchun qo‘shimcha qiymatga ega hamkorlik va qo‘shma ishlab chiqarish modellari muhim ahamiyatga ega.
O‘zbekiston boy tabiiy resurslar va minerallarga ega bo‘lib, qurilish va pudrat firmalari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun qurilish materiallari ishlab chiqarish jihatidan katta salohiyatga ega. Shu bois, keyingi paytda O‘zbekistonda maishiy kimyo sohasida isteʼmol tovarlari ishlab chiqarishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Bu borada ham ikki davlat o‘rtasida istiqbolli qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi