Germaniya OAV: O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov jahon toji uchun kurashish huquqini qo‘lga kiritdi
Aprel 18, 2026. 16:30 • 2 daq
• 155BERLIN, 19-aprel. /“Dunyo” AA/. Germaniyaning bir qator nufuzli nashrlari o‘zbekistonlik yosh grossmeyster Javohir Sindarovning 2026 yilgi FIDE Nomzodlar turniridagi tarixiy muvaffaqiyati haqida yozdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Jumladan, “ZEIT”, “SPIEGEL”, “Süddeutsche Zeitung”, “Deutsche Welle” hamda “ChessBase” kabi nashrlarda turkum maqolalar elon qilindi.
“Reuters” agentligining maʼlum qilishicha, Kiprning Peyya shahrida o‘tkazilgan musobaqada 20 yoshli hamyurtimiz muddatidan oldin g‘oliblikni taʼminladi. U 13-turda Niderlandiya vakili Anish Giri bilan durang o‘ynab, 9,5 ochko bilan raqiblari uchun yetib bo‘lmas masofaga chiqib ketdi. Shu tariqa, Javohir Sindarov yil yakunida amaldagi jahon chempioni, hindistonlik Gukesh Dommaraju bilan shaxmat toji uchun bahs olib boradigan bo‘ldi. Bu uchrashuv shaxmat tarixidagi eng yosh chempionlik bahslaridan biri sifatida yil voqeasiga aylanishi kutilmoqda.
“ZEIT” nashrining taʼkidlashicha, bu g‘alaba tasodifiy emas, balki turnir davomidagi barqaror ustunlikning mantiqiy yakunidir. O‘zbekistonlik shaxmatchi dastlabki olti partiyaning beshtasida g‘alaba qozonib, Fabiano Karuana, Hikaru Nakamura va Praggnanandha kabi dunyoning eng kuchli grossmeysterlarini mag‘lub etdi.
“ChessBase” tahlilchilari Sindarovning nafaqat hujumdagi dadilligini, balki hal qiluvchi vaziyatlardagi sovuqqon himoyasini ham yuqori baholadilar. U turnirni mag‘lubiyatsiz — 14 imkoniyatdan 10 ochko jamlagan holda yakunladi.
Xalqaro ekspertlar ushbu muvaffaqiyat ortida O‘zbekistonda shaxmatni davlat darajasida tizimli rivojlantirish siyosati turganini qayd etmoqdalar. FIDE maʼlumotlariga ko‘ra, maktablarda shaxmat taʼlimining kengaytirilishi va iqtidorli yoshlarning qo‘llab-quvvatlanishi o‘z mevasini bermoqda. Javohir Sindarovning zafari O‘zbekiston shaxmat maktabining jahondagi peshqadamligini va xalqaro shaxmat arenasida Osiyo taʼsiri tobora ortib borayotganini yana bir bor isbotladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi


